BMT hozir og‘ir sinovlarni boshidan kechirmoqda
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning 24 oktyabr kuni nishonlanadigan BMT kuni munosabati bilan tashkilotga yo‘llagan murojaatida tashkilot hozirda og‘ir sinovlarni boshidan kechirayotgani ta’kidlanadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, BMTning tashkil etilishi amalda umidlar ro‘yobi hisoblanadi.
"Ikkinchi Jahon urushidan keyin global mojarolardan global hamkorliklarga o‘tildi. bugungi kunda tashkilot og‘ir sinovlarga duch kelmoqda", – dedi Guterrish.
Biroq, uning aytishicha, BMT aynan shunday muammolarni hal etish maqsadida tashkil etilgan.
"bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomida qayd etilgan qadriyatlar va tamoyillarni dunyoning barcha hududida hayotga joriy qilish har qachongidan ham dolzarb hisoblanadi. Imkoniyatlar berish yo‘li bilan insonlarning hayotini xavf ostida qoldirayotgan mojarolarni to‘xtatish hamda tinchlik o‘rnatish bizning kelajagimiz va taraqqiyotimizni belgilaydi", – deya ta’kidladi u.
Bosh kotib shuningdek, xalqaro hamjamiyatni o‘ta qashshoqlikka barham berish va tengsizlik ko‘lamini qisqartirish uchun harakat qilishga chaqirdi. Qazib olinadigan va qayta tiklanmaydigan yoqilg‘ilardan foydalanishni to‘xtatish yo‘li bilan sayyoramiz muhofazasini ta’minlash zarurligini eslatdi.
BMT kuni – 1945 yil Tashkilotning Nizomi qabul qilingandan keyin nishonlab kelinadi. Tashkilot ushbu asosiy hujjat ishtirokchilarining ko‘pchiligi tomonidan ratifikatsiya qilingan kundan boshlab rasman faoliyatini boshlagan. Mazkur hujjatni Xavfsizlik kengashiga doimiy a’zo hisoblangan beshta davlat ham imzolagan.