Bizdan go‘zal bog‘lar qolsin!
Bu hayotda mehr faqat insonlarga emas, balki tabiatga ham kerak. So‘nggi yillarda tabiatga bo‘lgan bemehrligimiz salbiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Havo va suvning ifloslanishi, tuproq eroziyasi, cho‘llanish, global isish tabiiy muvozanatning buzilgani oqibatidir. Bu insonlar salomatligiga ham jiddiy putur yetkazmoqda.
Bu xavfni chuqur anglab, atrof-muhitni asrash choralarini ko‘rayotgan Prezidentimiz bundan uch yil avval tashabbus bilan chiqqan “Yashil makon” umummilliy loyihasi bugun chinakam xalq harakatiga aylandi. Har yili bahor va kuzda turli ko‘chatlarni ekish an’anaga aylandi.
Ushbu xayrli harakatda shaharlar yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, xususan, ularning atrofida “yashil belbog‘” yaratish maqsadi belgilangan. Davlatimiz rahbarining: “Bu an’ana o‘zi bizda bor. Xalqimiz tabiatni “ona” deydi, yerni, suvni e’zozlaydi. Buning zamiridagi haqiqat hozirgi ekologik muammolar ta’sirida yaqqol namoyon bo‘lyapti. Shuning uchun “Yashil makon” loyihasini boshladik. Kelgusi yil nomini ham atrof-muhitni asrash masalasiga bag‘ishladik. Endi bu tashabbuslar keng yoyilishi, ayniqsa, yoshlarimizga chuqur singishi zarur. Har bir xonadon, har bir korxona tabiatni asrashga hissa qo‘shishi kerak”, degan fikrlari bugun barchamizni harakatga undamoqda.

Darhaqiqat, dinimizda ham bu xayrli an’anaga targ‘ib qilingan. Alloh taolo insonni yerdan yaratar ekan, uning zimmasiga yana shu qaytadigan joyi – yerni obod qilish vazifasini yukladi. Bu haqida Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi: “U sizlarni tuproqdan paydo qildi va unga sizni obodligi uchun qo‘ydi” (“Xud” surasi, 61-oyat). “Yerni yaroqli qilib qo‘ygandan keyin unda buzg‘unchilik qilmangiz!” (“A’rof” surasi, 56-oyat), deyiladi. Yaratgan ushbu ikki oyatda yer va uni o‘rab turgan tabiatni asrab-avaylashga, undan oqilona foydalanishga buyuradi. Shuning barobarida unga zarar yetkazishning har qanday turidan qaytaradi.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘z ummatlariga dehqonchilik, xususan, ko‘chat ekishga undab, shunday deganlar: “Agar qiyomat bo‘lib qolsa va birontangizning qo‘lingizda xurmo daraxti bo‘lsa, bas, uni ekib olsin” (Buxoriy va Ahmad rivoyati).
Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Bir kishi Damashq ko‘chalarining biridan o‘tayotsa, ko‘cha ekayotgan odamga ko‘zi tushibdi va unga: “Nega bu ishni qilyapsiz, axir siz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridansiz-ku?” debdi. Shunda u kishi: “Sen shoshma, men Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Kim bir ko‘chat eksa, undan odam yoki Alloh yaratgan maxluqotlardan birontasi yesa, buning evaziga o‘sha (ko‘chat ekkan banda)ga sadaqa bo‘ladi”, deb aytganlarini eshitganman”, debdi”, (Ahmad rivoyati).
Demak, ko‘chat ekish savobli amallar sirasiga kiradi. Ko‘chat ekish va uni parvarishlash kishi dunyodan o‘tib, amal sahifasi yopilganidan so‘ng ham, uning haqqiga muttasil ravishda savob borib turishiga sabab bo‘lar ekan.
Shunday ekan, bizlar ham bu ezgu ishdan chetda qolmaylik, obodonchilik va farovonlik yo‘lida qo‘limizdan kelgan choralarni ko‘raylik. Ortimizdan dog‘ emas, go‘zal bog‘lar qolsin!
Musoxon Abbosiddinov,
O‘zbekiston Musulmonlar idorasining
Namangan viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi.
O‘zA