Bizda ham xususiy GESlar ishga tushsa, ajab emas
Poytaxtimizda “Gidroenergetika. Markaziy Osiyo va Kaspiy” beshinchi xalqaro anjumani va ko‘rgazmasi boshlandi.
Mazkur yirik kongress avvallari Qirg‘iziston, Gruziya hamda Rossiyada o‘tkazilgan. Mamlakatimizda ilk bor tashkil etilgan ushbu xalqaro anjuman mintaqada gidroenergetika sohasi rivoji va taraqqiyoti, gidroenergetika inshootlari qurilishi, modernizatsiyasi, muammo va istiqbol bo‘yicha o‘zaro tajriba, muloqot maydonidir.
Tadbir davomida ishtirokchilarni joriy yil ishga tushgan Qodiriya GESda olib borilgan modernizatsiya jarayoni bilan tanishtirish ham ko‘zda tutilgan.
[gallery-1186]
- Buning o‘ziga xos sababi bor, – deydi “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati bo‘lim boshlig‘i Anvar O‘rozov. – Inshoot yonida 1933 yili birinchilar qatorida GES qanday qurilgan bo‘lsa, shu holda saqlab qolingan. Agregat, uskuna, jihozlar joyida o‘z holicha turgani mehmonlarga ko‘rsatiladi. Muzey ham tashkil etilgan. Shu joyda yangi GES ishga tushirildi. Ikkalasini bir-biri bilan taqqoslash uchun shu yer tanlandi.
Mazkur GESning o‘rnatilgan umumiy quvvati hozir 13,2 megavatt. Quvvat zamonaviy texnologiya hisobidan oshirildi. Natijada qo‘shimcha 8 ming xonadonga elektr energiyasi kirib bordi.
– Mazkur GESga boradigan xorijlik mehmonlar mavjud quvvat va salohiyatni qanday baholaydi, sizning fikringiz-cha?
– Bu endi mutaxassislarning taqqoslash imkoniyatiga bog‘liq. Masalan, Polshada qariyb 100 yil oldin qurilib, ishga tushirilgan xuddi shunday shakldagi gidrostansiyani ko‘rgan edim. Biz qo‘shni davlatlardan ortda qolib ketganimiz yo‘q. Ba’zi masalalarda, hatto, oldinroqdamiz, deb aytish mumkin bemalol.
– Tizimdagi modernizatsiya qilingan yoki yangi qurilayotgan GESlarning hammasida Xitoy kompaniyalari ishtirokini kuzatish mumkin. Buning sababi nimada?
– To‘g‘ri, Qodiriya GESida asosiy gidrotexnika jihozlari Xitoyning yetakchi kompaniyasida ishlab chiqilgan, texnik jihozlash, texnik qurilmalarni yig‘ish, ehtiyot qismlarni butlash xorijiy va mahalliy malakali mutaxassislar tomonidan amalga oshirildi. Hozir bir qator viloyatlarda yo‘lga qo‘yish uchun ishlab chiqilgan 2+3 loyihasida ham Xitoyliklar asosiy hamkor hisoblanadi.
Xitoylik tadbirkorlar eng yaqin hamkorimiz ekanligida hech qanday sir yo‘q. Loyihalar ochiq tender savdosi asosida amalga oshiriladi va kompaniyalar, ishlab chiqaruvchilar orasidan maqbul taklif berganlar tanlab olinadi. Biz XXRdan tashqari Rossiya va Avstriya bilan ham qator loyihalarni amalga oshirmoqdamiz.
– Forumga Qirg‘izistondan kelgan vakillar bilan suhbatlashganimizda ular o‘zlarida kichik GES va xususiy GESlar mavjudligi haqida aytishdi. Aslida kichik GES qurish ko‘proq qaysi davlatlarda yaxshi rivojlangan?
– Kichik GES qurish yangidan rivojlanayotgan yo‘nalish sanaladi. Qaysi davlatda imkoniyat bo‘lsa, bu soha o‘sha joyda yuksalmoqda. Bu borada Xitoy birinchi o‘rinda turadi. Rossiya, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham yaxshi rivojlanmoqda. Qirg‘iz Respublikasida energetika tizimi gidroelektrostansiyalar hisobiga to‘g‘ri kelishi, soha xususiylashgani rost. Bu tarif siyosatiga ham bog‘liq. Agar elektr toki erkin savdoga chiqarilsa, bu yo‘nalishda xususiy korxona ko‘payib qoladi. Biz endi-endi narxni erkinlashtirishga o‘tyapmiz.
– Bu jarayon bizda qanday kechishi mumkin? Bitta qishloqqa kichik GES qurib qo‘ysak, o‘zini qanchalik oqlaydi?
– Gidroenergiya potensialimiz katta-katta GESlar qurish imkonini bermaydi. Biz boridan foydalanishga majburmiz. Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya tizimida kanallar, tog‘ hududlaridagi soy, daryolardagi kichik suv hajmlaridan ham foydalanishimiz mumkin. Shu bois kichiklarini quryapmiz. Aytish joiz, gidroelektr stansiyalarda bir muhim jihat bor, bu - mahsulot tannarxi. Bosim qancha yuqori bo‘lsa, agregat hajmi shuncha kichik bo‘ladi va bu tannarxga ta’sir qiladi. Bosim past bo‘lsa, sarf ko‘payadi, kattaroq hajmli uskuna o‘rnatishga to‘g‘ri keladi.
Oddiy tilda tushuntiradigan bo‘lsak, loyihaning qiymatiga qarab joy tanlaymiz. Deylik, bosim bor joyga 100 kilovattlik generator o‘rnatilgan, bu yerda olingan mahsulot narxi bosim past joydagi xuddi shu dvigatel o‘rnatilganidan farq qiladi. Sababi, uskuna hajmi oshgani, yiriklashgani sayin, narx oshib boradi. Ko‘pchilik bunga qiziqish bildirmayotganining sababi, bizda suv bosimi pastligida.
– O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini mamlakat iqtisodiyotiga keng joriy etish maqsadida iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va kichik stansiyalar qurishda imtiyozlar berilishi aytilgan edi...
– Iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilg‘i-energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirish, kichik GESlar, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. Bunda quvvati 1 megavattgacha bo‘lgan elektr stansiyalarida alohida tarif belgilanadi. Kichik GES uchun yangi tarif boshqa stansiyalarga nisbatan yuqori bo‘ladi. Ana shunda ob’ektni qurgan tadbirkor qisqa muddatda daromadga kirishi mumkin bo‘ladi.
– Bu tarif qanday belgilanadi? Tog‘dagi GES mahsulotni qimmatroq sotgani bilan, elektr bitta liniyaga tushib, aholi xonadoniga keladi. Bunda ular qanday ajratiladi?
– bugungi kunda aholiga bir xil narxda sotilyapti va shunday davom etadi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari rivojlanishini e’tiborga olsak, chekka hududlarda kichik GESlar imtiyozdan foydalanadi. Tarif o‘zgarishi aholiga sezilmaydi, davlat tomonidan hisob-kitob qilinadi.
Sayyora Shoyeva, O‘zA