Biz birlashsak, katta kuchmiz
Jizzax politexnika institutida “O‘zbekiston yoshlar mamlakati” shiori ostida ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Talaba-yoshlarning milliy kiyimlarda institut hovlisiga kirib kelishi, barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Yoshlar milliy an’ana va ko‘p asrlik qadriyatlarimizni e’zozlashini milliy liboslarni kiyish, ularni targ‘ib etish orqali namoyish etdi.
Shundan so‘ng bu jo‘shqin jarayon institut sport maydoniga ko‘chdi. Mohir tikuvchi talaba-qizlarning ijod mahsuli bo‘lgan ulkan bayroq talaba-yigitlarning qo‘lida stadion uzra hilpirab turdi. Ulkan bayrog‘imiz yonida esa milliy qadriyatlarimiz ramzi bo‘lgan atlas ko‘ylak hamda do‘ppilar kiygan talaba-qizlar ishtirokida “O‘ZBEKISTON” yozuvi yozildi. Bir tarafda kashta tikuvchi qizlar ajoyib ko‘rinishga kelgan kashta tikish bilan, yana bir necha nafari davlat ramzi bo‘lgan bayroqni tikish bilan shug‘ullanayotgani kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.
Shundan so‘ng institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori G‘.Egamnazarovning talabalar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. U har bir millat faqat uning o‘ziga xos bo‘lgan an’ana va qadriyatlari bilan alohida ajralib turishi, tabiiyki, har qaysi xalqning bebaho boyligi bo‘lgan bunday qadriyat va an’analar bir-ikki kunda paydo bo‘lib qolmaganligi, insoniyatning necha ming yillik tarixiy tajribasi, biror-bir narsaning an’anaga, ayniqsa, qadriyatga aylanishi uzoq davrni talab qilishi, yillar, asrlar davomida muayyan qarash, odat, tushuncha, tajribalar zamonlar, avlodlar sinovidan o‘tishi, sayqal topib borishi haqida gapirdi.
[gallery-11385]
Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Eshbekova o‘z so‘zida talaba-yoshlarni faol bo‘lishga chaqirib, yurtimizda yuz berayotgan siyosiy jarayonlar, olib borilayotgan islohotlarning yoshlar uchun ahamiyati va bu o‘rinda milliy qadriyatlarni asrash, ularni rivojlantirish haqida gapirdi.
– Agar ma’lum odat va udum keyingi avlodlar tomonidan ham qabul qilinsa, davom ettirilsa, demakki, endi ularni milliy an’ana va qadriyat deb atash mumkin bo‘ladi, – dedi S.Eshbekova. – Shuningdek, millat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan etnik jihat va xususiyatlar bilan bog‘liq qadriyatlar milliy qadriyatlar deyiladi. Milliy qadriyatlar millatning tarixi, yashash tarzi, ma’naviyati hamda madaniyati bilan chambarchas bog‘liq holda namoyon bo‘ladi. O‘zbek xalqining asrlardan asrlarga o‘tib kelayotgan milliy qadriyat¬lari ham uzoq tarixiy jarayonda shakllangan. Jumladan, o‘zi tug‘ilib o‘sgan ona yurtiga ehtirom, o‘z taqdirini mana shu yurtsiz tasavvur qila olmaslik, o‘tgan ajdodlar xotirasiga sadoqat, kattalarga doimiy hurmat ko‘rsatish, har qanday sharoitda ham hayo va andishani saqlash, turmushda poklikka alohida e’tibor berish singari ko‘plab fazilatlar bizning milliy qadriyatlarimiz asosini tashkil etadi.
Tadbirda talabalar 2023 yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendumda faol qatnashishga, “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki, Konstitutsiya o‘zimizniki” shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqirildi.
Tadbirda professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda xodimlar ishtirok etdi.
Nilufar Bozorova, O‘zA