Biz ajrimlarga qarshimiz!
Mehr-muhabbat, doʻstlik rishtalariga darz ketib, farzandlar buning jabrini chekmoqda.
Nikoh – muqaddas rishta. Barcha davrlarda ham er va xotin oʻrtasidagi goʻzal oilaviy munosabatlar, shirin neʼmat boʻlgan farzandlarning dunyoga kelishi, avlodlar davomiyligi ulugʻlangan, muqaddas, deb taʼrif etiladi. Oila mamlakat ichidagi kichik jamiyat boʻlib, uning ahilligi, birdamligi va jipsligi butun xalqning mustahkamligiga xizmat qiladi.
Allohning amriga binoan hamma ishda oila rahbariga itoat va quloq tutmoq lozimdir. Baxtli hayot kechirishni istagan ayol turmush oʻrtogʻining soʻzlarini tinglashi, umumiy manfaatlarga xizmat qiluvchi intilishlariga ragʻbat va qanoat bagʻishlashi joiz.
Prezidentimiz oʻtgan yili dekabrda yoshlar bilan uchrashuvi chogʻida soʻnggi yillarda tobora ortib borayotgan ajrimlarga fojia deb qarash kerakligini, buning oldini olish uchun qanday samarali uslublar va mexanizmlarni hayotga joriy etish haqida fikr bildirgan edi.
Albatta, bir oilaning bunyod boʻlishi va uning yashab qolishi, jamiyatda chuqur ildiz otib, navqiron daraxt kabi oʻsishi noyob hodisa. Bunda ayniqsa xonadon boshliqlari – erkaklarning oʻrnini hech narsa bilan solishtirib boʻlmaydi. Ichkilikka mukkasidan ketish, tayinli bir ishning boshini tutmaslik, nooʻrin rashk, johillik kabi illatlar ularning obroʻsini shubhasiz, tushiradi.
Biroq, ish amaliyotida oʻrganishlarimiz chogʻida ajrimlarda ayollarning ham salbiy qusurlari katta sababchi boʻlayotganiga guvoh boʻlayapmiz.
Eng yomoni, tarbiyadagi oqsoqliklar sababli baʼzi ayollar aksincha, erga itoat qilishni xoru zorlik, oʻzini pastga urish, mutelik deb tushunishgacha yetib borishmoqda. Ana shunday sarkashliklar natijasida orasidagi kichik tushunmovchiliklar katta mojarolarga aylanib ketmoqda.
Ayrim xudbin ayollar esa turmush oʻrtoqlari xorijga roʻzgʻori uchun ming mashaqqat bilan ishlashga ketganida, oʻzini “ozod qush” deb bilib, xiyonat koʻchasiga kirmoqda, ayrimlari yashiriqcha telegramm va feysbuk tarmoqlari orqali oʻziga maʼshuq tutib, koʻz, til va dil zinosiga yoʻl qoʻyishmoqda, hech bir odob va axloq meʼyorlariga toʻgʻri kelmaydigan gunohga qoʻl urmoqda.
Mehr-muhabbat, doʻstlik rishtalariga darz ketib, farzandlar buning jabrini chekmoqda. Ayrim kaltabin ayollarni tartibga chaqirganimizda esa “erimdan aliment undirib, taralla-yallo qilib yashayveraman, sizlar oilaviy ishimizga aralashmanglar”, degan tanbehlarni ham eshitishga toʻgʻri kelmoqda.
Achinarli tomoni, yigit va qiz bir-biri bilan yashash istagini bildirib turganiga qaramay, ular hayotiga uchinchi shaxslarning yaʼni ota-onalar, qaynona-qaynotalar, aka-ukalar va hokazolarning aralashuvi bilan barbod boʻlayotgan oilalarga guvoh boʻlayapmiz.
Ayniqsa, farzandsizlik ajrimlarning muhim sabablaridan boʻlib qolmoqda. Bu kabi oilalar bilan holi tarzda suhbatlar qurib, koʻpincha davolanish orqali bu muammoga yechimlar topish mumkinligini toʻgʻri tushuntirayapmiz va maxsus klinikalarda muolaja olib qaytgan yoshlar farzand baxtiga muyassar ham boʻlmoqda.
Yoshlar bilan tizimli ishlash, muammoga professional yondashish, oila boquvchisini ish bilan taʼminlash, moddiy yetishmovchiliklarni homiylar koʻmagida hal qilish, ajrimlarning asl sabablarini aniqlab, uning mudhish oqibatlarini ongli ravishda tushuntirish natijasida joriy yilning oʻtgan 5 oyida ajrimlar soni oʻtgan yilning mos davriga qaraganda 94 taga kamayishiga erishildi va jami 583 tani tashkil qildi.
Qashqadaryo viloyatida 771 ta mahalla boʻlib, ajrim yoqasiga kerib qolgan 1148 ta oilalarni yarashtirish ustida muttasil ishlanmoqda. Mahalla oqsoqollari va mutaxassislari, faollari bilan bitmayotgan muammoli bahslarni malakali psixolog, koʻpni koʻrgan nuroniylarimiz, imom-xatiblar, otinoyilar va kayvoni otaxon-onaxonlarni jalb qilib, jiddiy shugʻullanayapmiz. Bu ishda sohaga ixtisoslashgan sudyalar, oilaviy masalalar bilan mashgʻul advokatlar ham chetda qolishmayapti, oʻz huquqiy bilimlarini oʻrtoqlashmoqda.
Viloyatda ajrimlar roʻy berish ehtimoli yuqori boʻlgan 637 ta notinch oilalar qayd etilgan, ularning har biri bilan manzilli tarzda ishlanmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, har bir xodim chuqur ichki masʼuldorlik bilan “Biz ajrimlarga qarshimiz” gʻoyasi asosida ishlamoqda.
Eʼtiborli tomoni shundaki, hamma baxtiyor yashashni istaydi. Goʻzal muomala, yaxshi xulq, bir-birini tushunish hissi bilan yashagan oilalar doimo saodatga erishadi.
Yulduz RAVSHANOVA,
Qashqadaryo viloyati Mahalla va oilani
qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boʻlim boshligʻi