Bitiruvchilarning orzulari ish o‘rniga aylanmoqda
Bugungi kunda yoshlarning munosib ta’lim olishi bilan bir qatorda ularning bandligini ta’minlash, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi va kelajakka ishonch bilan qadam qo‘yishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarini tamomlayotgan bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi nafaqat ularning shaxsiy hayoti, balki mamlakat taraqqiyoti uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida Buxoro davlat universitetida Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilov ishtirokida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan tadbirda universitet rektori Obidjon Hamidov, tuman mutasaddilari, yirik korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda tumanda yashovchi bitiruvchi talabalar qatnashdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish, mehnat bozoridagi mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirish va eng muhimi, yoshlarning tashabbuslari hamda takliflarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yoshlarning mehnat faoliyati, tadbirkorlik tashabbuslari, ta’limni davom ettirish rejalari va kelajakdagi maqsadlari atroflicha muhokama qilindi. E’tiborli jihati shundaki, har bir murojaatga amaliy yondashuv asosida munosabat bildirildi.
Uchrashuvning eng yorqin voqealaridan biri Iqtisodiyot fakulteti bitiruvchisi Farrux Fattuloyev bilan bog‘liq bo‘ldi. U muloqot jarayonida magistratura bosqichida tahsil olish bilan birga bank sohasida amaliy tajriba to‘plash istagini bildirdi.

Uning murojaati hokim va mutasaddilar tomonidan shu zahotiyoq ko‘rib chiqildi. Natijada Buxoro tumani Agrobank filiali tomonidan Farruxga ish taklifi berildi. Bu esa uchrashuvning rasmiy yig‘ilish emas, balki yoshlar taqdiriga daxldor amaliy maydon ekanini yana bir bor isbotladi.
– Ochig‘ini aytsam, bunday natija kutayotganim yo‘q edi, – deydi bitiruvchi Farrux Fattuloyev. – Men o‘z rejalarim haqida gapirdim, magistraturada o‘qishni davom ettirish bilan birga bank tizimida ishlab, amaliy tajriba orttirishni istashimni bildirdim. Murojaatim shunchaki eshitilib qolmay, amaliy yechim topganidan juda mamnunman. Bu men uchun kutilmagan va quvonarli yangilik bo‘ldi. Chunki har bir bitiruvchi ta’lim bilan amaliyotni uyg‘unlashtirishni orzu qiladi. Menga berilgan imkoniyat katta mas’uliyat ham yuklaydi. Endi bilimlarimni amaliyotda sinab ko‘rish va o‘z ustida yanada ko‘proq ishlash niyatidaman. Imkoniyatlarni kutib o‘tirmaslik kerak. Bunday uchrashuvlarda faol qatnashish, o‘z fikrini erkin bildirish va maqsadlarini aniq aytish muhim. Bugun men buning natijasini o‘z misolimda ko‘rdim.

Uchrashuv davomida yana bir qator bitiruvchi talabalar o‘z mutaxassisliklari va qiziqishlariga mos bo‘lgan bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirildi. Bu esa yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tizimli va manzilli tashkil etilganini ko‘rsatdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mehnat bozori talablariga mos kadrlarni tayyorlash va ularni ish bilan ta’minlash iqtisodiy taraqqiyotning muhim omili hisoblanadi. Shu ma’noda, “Hokim va yoshlar” kabi uchrashuvlar ta’lim bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Buxoro davlat universitetida tashkil etilgan mazkur uchrashuv yoshlarning dardini eshitish, ularning orzu-maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash va eng muhimi, muammolarga joyida yechim topish mumkinligini namoyon etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri