Bitiruvchilar uchun mehnat yarmarkasi
Namangan viloyati Kosonsoy tumanida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Namangan viloyati Kosonsoy tumanida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.Tuman hokimligi, prokuraturasi, bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuman kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ellikka yaqin korxona va tashkilotlar bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.
Yarmarkada yoshlar taklif etilayotgan ish o‘rinlari, mehnat sharoiti bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Natijada yetmish nafarga yaqin kollej bitiruvchisi o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga yo‘llanma oldi.
– Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha tumandagi barcha davlat va jamoat tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuman kengashi raisi Furqat Murodov. – Yil davomida yaratiladigan yangi ish o‘rinlari hisobi yuritilib, shu asosda kollej o‘quvchilarining o‘quv amaliyotini tashkil qilish, uch tomonlama shartnomalar tuzish imkoniga ega bo‘lmoqdamiz.
Yarmarkada tumanda joriy yilda yaratiladigan ish o‘rinlari haqida ma’lumot berildi.