Bitiruvchilar tadbirkorlikka jalb etildi
Poytaxtimizda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi, Markaziy bank, “Asaka” bank, “Mikrokreditbank” va “Turonbank” hamkorligida “Xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlashda siyosiy partiyalar va tijorat banklari hamkorligi istiqbollari” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi, Markaziy bank, “Asaka” bank, “Mikrokreditbank” va “Turonbank” hamkorligida “Xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlashda siyosiy partiyalar va tijorat banklari hamkorligi istiqbollari” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soha taraqqiyotiga yanada keng yo‘l ochdi.
Buning samarasida tarmoqda xotin-qizlar ishtiroki ham kengaymoqda. Mamlakatimizdagi kichik biznes subyektlarining 120 mingdan ziyodini, fermer xo‘jaliklarining 4 ming 550 dan ortig‘ini xotin-qizlar samarali boshqarib kelmoqda.
Xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. 2015-yilda tadbirkor ayollarga 1 trillion 255 milliard so‘m kreditlar ajratilgan. Ushbu sohada o‘z ishini boshlayotgan 6 mingdan ortiq qizlarga 51 milliard so‘mdan ziyod kreditlar berilgan.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tijorat banklari bilan hamkorlikda ayollar tadbirkorligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, bitiruvchi qizlarning o‘z biznesini ochishiga ko‘maklashishga qaratilgan bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Bu xotin-qizlarning reja va maqsadlarini ro‘yobga chiqarish, bandligini oshirish, jamiyatimiz hayotidagi ishtirokini kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Davra suhbatida Prezidentimiz farmoniga muvofiq qonunchiligimizga o‘zgartishlar kiritilgani, ro‘yxatdan o‘tkazish, ruxsat berish va litsenziyalash tartib-taomillari yanada soddalashtirilgani, biznes subyektlari huquqlari himoyasi kuchaytirilgani ta’kidlandi. Tadbirkorlik uchun yaratilgan imtiyoz va yengilliklar, soliq tizimidagi yangiliklar, tijorat banklarining kichik biznes vakillarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlari xususida ma’lumot berildi.
Respublika rassomlik kolleji o‘quvchilari yaratgan dizaynerlik ishlari, milliy liboslar namoyishi yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.