Bitiruvchi yoshlar bandligiga qanday ko‘maklashilyapti?
O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mas’ul xodimlari ishtirokidagi “Yoshlarning bandligiga ko‘maklashish masalasi qanday hal etilyapti?" mavzusidagi ovozli chatda ekspertlar bitiruvchi yoshlarning bandligiga ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.
– O‘tgan 2022 yilda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga 285 ming nafar yosh ish masalasida murojaat qilgan. Shundan 144 ming 700 nafari doimiy ishlarga joylashtirilgan. 44 ming nafari jamoat ishlariga jalb qilingan, 72 ming 700 nafari esa kasb-hunarga o‘qitilib, bandligiga ko‘maklashilgan. 21 ming 100 nafari ijtimoiy muhofazaga olinib, ularga ishsizlik nafaqalari tayinlab berilgan, – dedi Bahrimurod Jo‘raqulov. – Har yili mehnat bozoriga 500 mingdan 700 minggacha bitiruvchi yoshlar kirib keladi. Ularning 200 ming nafardan ziyodrog‘i ta’limning keyingi bosqichi bilan qamrab olinadi. 450 ming nafari mehnat bozoriga to‘g‘ridan to‘g‘ri ishchi kuchi bo‘lib kirib keladi. Shuningdek, ovozli chatda ekspertlarimimizga kuzatuvchilar tomonidan ko‘plab savollar berildi.
– Tumanimizda ishsizlik juda ko‘p. Yoshlarning bandligini ta’minlash uchun qanday imkoniyatlar bor? (Boboxon Isayev, Jizzax viloyati, Zomin tumani)
– Bugungi kunda Respublika bo‘yicha 293 mingdan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari bor. Misol uchun ta’lim, qishloq xo‘jaligi yoki sog‘liqni saqlash tizimida bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Vazirligimiz tomonidan har bir mahallada hokim yordamchilari lavozimi tashkil etilgan. Fuqarolarning o‘zini-o‘zi band qilishlari uchun hokim yordamchilari tomonidan subsidiyalar beriladi. Bundan tashqari, odamlarni uylarida band qilish uchun tomorqasiga issiqxonalar qurib, kasanachilik bilan shug‘ullanishlari uchun zarur asbob-uskunalar sotib olib berilyapti.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/hVJEPV0RgWI" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>– Hokim yordamchilarining fuqarolarga subsidiya ajratish tartibi qanday? (Ilhom Saidov, Jizzax viloyati, G‘allaorol tumani)
– Hokim yordamchilari tomonidan taqdim etiladigan subsidiyalar, bugungi kunda ”onlayn mahalla” platformasi orqali kuzatib boriladi. Ushbu platformaga hokim yordamchilari subsidiya berish yoki tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritadi. Ma’lumotlar belgilangan talablarga javob bersa, fuqarolarga subsidiya va kredit mablag‘lari chiqariladi.
N. Rahmonova, D. Yoqubov (video), O‘zA