Bitiruvchi talabalar ishga qabul qilindi
Uchrashuv davomida bir guruh talabalar viloyatdagi maktablarga ishga qabul qilinadigan boʻldi.
Andijon viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Furqatbek Buzrukov Andijon davlat universitetida bitiruvchi talabalar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuv davomida bir guruh talabalar viloyatdagi maktablarga ishga qabul qilinadigan boʻldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 27-dekabrdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ijod maktabida yoshlar bilan oʻtkazgan uchrashuvida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida Andijon viloyatida eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Andijon davlat universitetida ijtimoiy-gumanitar fan bitiruvchilari ishtirokida boʻlib oʻtgan uchrashuvda barcha shahar, tuman xalq taʼlimi boʻlimlari mudirlari, kadrlar boʻyicha mutaxassislar, umumtaʼlim maktablari direktorlari, universitetning tarix, huquq, milliy gʻoya va psixologiya yoʻnalishlari boʻyicha bitiruvchi kurs talabalari ishtirok etdi.
Uchrashuvda mamlakatimiz xalq taʼlimi tizimida ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilayotgani, oʻqituvchilarga yuksak eʼtibor koʻrsatilayotgani, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoit va imtiyozlar yaratib berilayotganligi taʼkidlandi. Shuningdek, bugungi kunda xalq taʼlimi tizimi oldida turgan kamchilik va muammolar, ayniqsa, malakali kadrlar bilan bogʻliq dolzarb vazifalar hamda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar xususida fikr almashildi.

– Viloyatdagi taʼlim muassasalari psixologiya, tarix, huquq, milliy gʻoya va maʼnaviyat asoslari fanlari boʻyicha 112 nafar pedagogga ehtiyoj bor, – deydi viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi F. Buzrukov. – Uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad ham ana shu ehtiyojni bitiruvchilar hisobiga toʻldirish koʻzda tutilgan.
Mutasaddilar qayd etilgan yoʻnalishlar boʻyicha universitet bitiruvchilari bilan suhbatlar oʻtkazdi. Natijada, shu kunning oʻzida 105 nafar bitiruvchi hamda umumtaʼlim maktab direktorlari oʻrtasida uch tomonlama shartnoma imzolanib, ularning 81 nafari joriy oʻquv yilining 3-choragidan, 24 nafari esa 2020-2021 oʻquv yilidan taʼlim muassasalarida ish boshlashlari yuzasidan kelishib olindi.
– Bu yil universitetning tarix fakultetini tamomlayman, – deydi Boburjon Abdulxayev. – Ushbu uchrashuv oʻqishni tamomlaganimdan keyin men uchun eng muhim masala ishga joylashishimga yordam berdi. Men oʻqishni tamomlab, Andijon shahridagi 24-umumtaʼlim maktabida ish boshlaydigan boʻldim. Nafaqat men, balki barcha tengdoshlarim kelgusida ana shu eʼtiborga munosib boʻlishga harakat qilamiz.
Uchrashuv davomida talabalarni qiziqtirgan barcha savollarga boshqarma boshligʻi va mutaxassislari tomonidan batafsil javob qaytarildi.