“Birovga aytib boʻlmaydigan gap”
Oʻtgan asrning saksoninchi yillari. Qishloq maktabi – Oybek nomli yettinchi oʻrta maktabning oltinchi “A” sinfida tobora yaqinlashib kelayotgan gʻalaba kuni munosabati bilan moʻjaz tarbiyaviy soat tashkil qilindi.
Oʻtgan asrning saksoninchi yillari. Qishloq maktabi – Oybek nomli yettinchi oʻrta maktabning oltinchi “A” sinfida tobora yaqinlashib kelayotgan gʻalaba kuni munosabati bilan moʻjaz tarbiyaviy soat tashkil qilindi. Sinf rahbari – matematika oʻqituvchisi Baxtiyor Qoʻshmatov bu soatga urush qatnashchisi Fayzulla bobo Ziyodullayevni taklif qilgan. Bir sinf bolalarning vujudi quloqqa aylandi shu paytda, sinfdagi koʻp oʻquvchilar qatori men ham hayratlanganman – hech bir oʻqituvchining darsida bunday jimlik boʻlmagandi, oʻquvchilarning hammasi bir tanu bir jonga aylanib qolgan. Fayzulla bobo olislashib borayotgan urush yillarini, oʻsha paytdagi ayrim voqealarni aytadi, oʻsha manzaralarni miridan-sirigacha, mohir qalamkash yoki musavvirdek sinfdagi bolalar qalbiga naqshdek oʻyib, oʻchmas qilib chizadi, tasvirlar vahmi oʻzgacha, voqeadagi xatti-harakatlarning izohlariyam boshqacha, hammasi qandaydir boshqacha edi, oʻzlariga notanish olamning shu paytgacha koʻrinmagan-bilinmagan sinoatlariga roʻbaroʻ kelishgandi shunda oʻquvchilar.
Qorli kunda rezvedkaga chiqishganida Fayzulla bobo oʻzi uchun qadrdon boʻlib ketgan quroldoshidan qay tariqa ayrilgani, shundoqqina qoʻlida jon berganini aytadi, keyin bir xoʻrsinib olib, keyingi manzara haqida – daraxt tepasidagi ikki fashistni ancha vaqtgacha ilgʻamaganliklarini gapirib beradi, keyin esa urushning keyingi yillarida bir muddat konslagerga tushib qolgani haqida gapiradi. Gaplarida shiddat moʻl, hikoyalarining zarur joylarida beixtiyor toʻxtab-toʻxtab qoladi, yana davom etadi. Biz, dastlab futbolni koʻzimiz qiymasdan, “yana tarbiyaviy soatmi”, deb zoʻrgʻa “sinfga qamalib oʻtirgan” bolalarning esa dastlabki taassurotlarimizdan asar ham qolmagan, hali aytganimdek, vujudimiz quloqqa aylangan. Esimda turibdi, shunda bir qiziq holat boʻldi. Konslagerga tushgani va u yerdan moʻjizadek boʻlgan bir voqea tufayli qutulib, qochgani haqida gapirarkan, Fayzulla bobo gap orasida ikki-uch “nemislarning hammasiyam fashist emas”, deb qoʻydi. Birinchi marta aytgani gap orasida oʻtib ketdi, ikkinchi martayam shunday deganida, sinfdoshim Adham qoʻl koʻtarib savol berdi.
— Ularni nega fashist demaysiz, Fayzulla bobo, urush fashistlar bilan boʻlgan...
— Har qanday paytdayam odamni odam deb atash kerak. Men fashistlarniyam koʻrdim, lekin ularni odam deb atab boʻlmaydi. Shuning uchun aytdim bu gapni... Lekin odamni odam deyish kerak! – sal qizishdi bobo.
Turgan gapki, javob koʻngildagidek, toʻgʻrirogʻi, toʻlaqonli boʻlmadi. Bu hikoya esa, Fayzulla boboning tarbiyaviy soatimizdagi soʻnggi hikoyasi boʻlganidanmi, yoki men hozir eslolmayotgan boshqa bir sababdanmi, ishqilib, urush qatnashchisi keyingi gaplarini qisqa qildi. Yodga olganlarini aytib berib charchayotgandek edi u.
Oʻsha yili yozda tumanimizning chet hududi, Gʻoʻbdintogʻ etagidagi qoʻriq yerlar oʻzlashtirilib, “Qoraqalpogʻiston” deb atalgan davlat xoʻjaligi tashkil etildi. Fayzulla bobo oʻsha xoʻjalikda meva-sabzavot brigadasiga brigadirlik qiladi. Biz oltinchini tugatgan bolalar yozgi taʼtilda oʻsha xoʻjalikka qatnab (yuk mashinasi olib ketib, olib kelib qoʻyadi) ishladik. Men bir necha joʻram bilan Fayzulla boboning brigadasiga ishga bordik. Bolaning ishi hamma vaqt ham “ortidan oʻzing yugur” qabilida boʻlavermaydi. Biz, aytish mumkinki, pishiq ish qilardik, qattiqqoʻl Fayzulla bobo aytganidek, “ikkinchi marta qaytmaydigan” qilib ishlardik – chopiq boʻladimi bu ish, boshqasimi... Fayzulla bobo ish bilan oʻyinni aralashtirib yubormasligimizni tayinlardi, “Ishni astoydil qilinglar, keyin mashina kelgunicha choʻmilishga borasanmi yo boshqa bir oʻyin topasanmi javob beraman. Lekin hech qachon ishlab oʻynamanglar, oʻynab ishlamanglar,” derdi u. Har kuni aytilaveradigan bu gap qulogʻimizga kirib qolganidan biz ham shunday qilishga beixtiyor harakat qilardik. Shundan xoʻjalik miqyosida bizning brigadamiz bolalari yaxshi ishlayotgani bot-bot aytilib, ragʻbatlantirib turilardi.
Qulogʻimda qolib ketgan gapga aniqlik kiritdim bir kuni... Tushlikni oʻtkaza solib, bolalar bilan choʻmilishga shoshamiz. Fayzulla bobo har birimizga chetki qiyiq yerlardan bir parchadan joy berib, nimadir ekib olinglar, derdi, men shu bir parchaga sabzi ekkandim – shuni koʻrib kelishim sabab boʻlib choʻmilishdan qolib ketdim. Shiyponga qaytsam, Fayzulla bobo yolgʻiz oʻzi, tezoqar suvga qarab, oʻylanib oʻtiribdi. Qulogʻimda qolib ketgan gap bor emasmi... oʻsha tarbiyaviy soatda aytib berganlarini eslatdim, shu tariqa sekin gapga tutdim boboni.
— Fayzulla bobo, — dedim sekin, — nega endi nemislar dushman boʻlishsa-yu ular fashist boʻlmasligi kerak. Axir sizlar oʻzingiz aytganingizdek, fashistlar bilan urushgansiz-ku...
— Bu yoqqa, kel-chi, — dedi u yonidagi joyni koʻrsatib, men borib oʻtirdim, u kishining imlovi bilan oʻzimga choy quyib ham oldim.
— Konslagerdaligimda odam yoqiluvchi pechlarni koʻrganman. Osvensimiydi adashmasam. Men shu pechning ogʻzidan qaytganman. Bir nemis ofitseri bor edi. Bizni barakdan chiqarib, ishlatib, keyin yana barakka qaytarib olib kelardi.
— Qoʻlida miltiq boʻlganda uning, a?..
— Ey, bola, nemis boʻladiyu qoʻlida miltiq boʻlmaydimi? Xullas, shu ofitser... shu ofitser...
— Odamlarni yoqib yuborish uchun pechga tashlashganmi?
— Oʻqituvchilar meni maktabga chaqiradi koʻpincha, men boraman, boramanu borganimdan keyin koʻp narsalarni butunlay aytib berolmasligimni tushunib qolaman. Kel, juda qiziquvchan bolasan sen... senga bir narsalarni aytib beraqolay...
Men mamnunlik bilan indamay qoldim, shart turib tokchadan parvarda olib, boboning oldiga qoʻydim, bittasini oʻzim qarsillatib tishlab choyni xoʻpladim, boboyam parvardadan bittasini oldi...
— Xullas, sezib yuraman, shu ofitser menga kun sayin boshqacha qaraydi. Miltigʻining qoʻndogʻi bilan tushirib qoladi boshqalarni, allanimalar deydi oʻzini tilida, soʻkadi-baqiradi... negadir menga kelganida sekin qoʻli bilan turtib oʻtkazib yuboradi. Haligacha buni tushunmayman... nega bunday boʻlgan? Xullas, boya soʻraganing – odam yoqiluvchi pechga tashlanuvchi asirlar bir qator qilinib, birma-bir yaqinlashadi. Bir nemis pech eshigini ochib-yopib turadi, bittasi navbati kelgan bizday shoʻring qurgʻurni shart pechning ajal domidek boʻlgan ogʻziga uloqtiradi – shunday... ushlab... mana bunday qilib otib yuboradi pechning ogʻziga. Mening ham navbatim yetishi kerak – ozgina qoldi. Pichirlab oʻzimcha kalima qaytaraman, bilganimcha gʻudurlanib takrorlayman – hozir oʻylasam, nimalar deganimniyam oʻzim bilmayman endi. Navbatim yetdi, majolimiz yoʻq... baquvvat qoʻl kamarim aralash shart tutib dast koʻtardi, keyin... lovullagan pechning ochiq ogʻzidan ichkariga tushishimni bilib, koʻzimni chirt yumganman, boshqa narsani bilishga-sezishga fursat yoʻq, hamma qatori taqdirga allaqachon tan berganman. Bir mahal qarasam... tap etib, quruq yerga tushdim. Shart oʻgirilsam... boyagi ofitserga koʻzim tushdi. U avtomatini bilan shunaqangi zarbda itardiki, oʻz-oʻzidan nariroqdagi chuqurlikka yumalab ketdim. Shunday qilib, ajab ogʻziga borib, shu ogʻizga tushmay qoldim. Oʻsha ofitser meni oxirgi pallada chetga uloqtirib yuboribdi. Majol yoʻq, xiyol boshimni koʻtarib pech ogʻzidagi navbatda turganlar tomon qarasam... boyagi ofitser shiddat bilan navbati yetgan asirni pech ogʻziga uloqtirib turibdi. Bir kundan keyin oʻsha ofitser meni tunda barakdan olib chiqib... oʻrmon tomondagi yoʻlni imlab koʻrsatib konslagerdan chiqarib yubordi. Nega shunday qilganini haligacha tushunmayman, oʻzimcha, odam odamga oʻxshashi mumkin, ehtimol men oʻsha ofitserning kimigadir oʻxshagandirman. U menga qarab uni, uyini, qaysidir jigarini eslagandir, deyman. Yanayam kim biladi deysan... lekin bir narsani aniq bilaman – nemislarning hammasiyam fashist boʻlmagani rost gap. Ularning orasida ham davrining, sharoti yoki siyosatning taqozosi bilangina “fashist” boʻlib qolganlari boʻlishi mumkin ekan. Buni bilasanmi, bola, koʻp joyda aytolmayman, koʻp joyda emas, hech joyda aytolmayman. Ikki kun oʻrmonda uloqib qolib ketib, uchinchi kuni oʻzimizning razvedkachilar meni topib olishgan. Fashistning fashistligi rost, lekin nemisning hammasi ham fashist boʻlmagani rost. Men buni aniq bilaman. Kommunistik partiya yoʻrigʻi bilan qarasa, bunday deb aytib boʻlmaydi. Esingda tursin, jaa, qiziqaverganing uchun aytdim, birovga aytadigan gap emas bu.
Endi, bolam, aslida bu gaplarni birovga aytib boʻlmaydi. Turaqol, parvardaniyam qarsillatding, ana joʻralaring kelayapti, boyagi ishni tugatib qoʻyinglar, keyin yana oʻynayverasizlar.
“Birovga aytib boʻlmaydigan gap” bilan anchagacha taʼsirlanib yurdim. Keyin-keyin bu esimdan ham chiqib ketdi. Vaqt oʻtdi, yillar oʻtdi, yillar oʻzining bilganini aytib oʻtdi, men ularning barchasiga quloq tutdim, men ularning barchasiga imkoni boricha sinchiklab qaragim keldi, tushungim keldi yillarning bilganlarini... Hozir qishlogʻimizda urushda qatnashgan odamlar yoʻq. Rahmatli boʻlib ketgan hammasi. Keyin bildim, keyin bilsam... Fayzulla bobo tayinlagan “birovga aytib boʻlmaydigan gap” yodimdan butunlay chiqib ketmagan ekan...
Faxriddin Sodiq