Birjada korrupsiyaga yo‘l qo‘yilmaydi
Bugun "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi"ning markaziy ofisida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tashkilot mutaxassislari va jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda so‘nggi yillarda birja savdolari bo‘yicha ochiqlikni, shaffoflikni va oshkoralikni ta’minlashga qaratilgan choralar xususida so‘z yuritildi.
O‘zbekistonning yangilangan siyosati jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, zamonaviy davlat boshqaruvini joriy etish va davlat xizmatida korrupsiyaga qarshi qat’iy murosasizlik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan.
Shundan kelib chiqib, tadbirda korrupsiyaning oldini olish, targ‘ibot va ta’lim korrupsiyaga qarshi kurashishdagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.
[gallery-20719]
“O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ komplayens nazorat va axborot xavfsizligi bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Ulug‘bek Po‘latovning qayd etishicha, mazkur tashkilotda korrupsion holatlarning oldini olish borasida samaralari natijalarga erishilgan.
–Bugungi kunda ushbu sohada rivojlangan davlatlarning bu boradagi tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, korrupsiya ko‘rinishlarining oqibati bilan emas, balki uni keltirib chiqarayotgan sabablarni va shart-sharoitlarni bartaraf etishga asosiy e’tibor qaratilgani o‘z samarasini beryapti. Shuningdek, so‘nggi yillarda birja savdolari bo‘yicha ochiqlikni, shaffoflikni va oshkoralikni ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda. Shu tariqa, "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi"ning faoliyati ISO 37001:2016 xalqaro standartlari talablariga to‘liq javob beradi. Birja nafaqat bozor iqtisodiyotining muhim infratuzilmasi, balki yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi samarali kurash vositasi sifatida ham ahamiyatga ega. Shaffoflik va oshkoralik zamonaviy IT-texnologiyalar yordamida barcha savdo tizimlarida, onlayn-auksionlarning har bir bosqichida ta’minlanmoqda, –dedi U. Po‘latov.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA