Bir yilda o‘n ikkita sug‘urta mahsuloti
Milliy matbuot markazida «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasining 2016-yildagi faoliyati yakunlari va joriy yildagi vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Milliy matbuot markazida «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasining 2016-yildagi faoliyati yakunlari va joriy yildagi vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.Mamlakatimizda sug‘urta bozori rivojlanayotgani, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati, fuqarolar sog‘lig‘i, ularning mol-mulki sug‘urtasi bo‘yicha xizmatlar tarmog‘i yuksalib borayotgani qayd etildi. Xususan, «O‘zbekinvest» kompaniyasi ham sug‘urta xizmatlari sifatini yaxshilash, hududiy filiallar va bo‘limlar ishini faollashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish, mahalliy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, mijozlar talab va ehtiyojlarini puxta o‘rganishga qaratilgan sa’y-harakatlar natijasida bir qator ijobiy natijalarga erishmoqda.
2016-yilda kompaniya yuridik va jismoniy shaxslar bilan 207 mingdan ortiq sug‘urta shartnomasi imzolagan. Yig‘ilgan sug‘urta mukofotlari 104 milliard so‘mni, olingan sug‘urta majburiyatlari 58,5 trillion so‘mni, aholi, korxona, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga to‘lab berilgan sug‘urta qoplamalari 15 milliard so‘mni tashkil etdi.
Mamlakatimizning 2016-yildagi Investitsiya dasturiga kiritilgan 88 loyihaga 17,5 trillion so‘m sug‘urta himoyasi taqdim etildi. Yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning jahon bozoriga chiqishida sug‘urta xizmatining o‘z o‘rni bor. Kompaniya mahalliy eksportchilar mulkiy manfaatlarini kompleks sug‘urta himoyasi bilan ta’minlash maqsadida 500,8 milliard so‘mlik shartnomalar tuzgan. Shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksport shartnomalarini sug‘urtalash bo‘yicha qabul qilingan majburiyatlar 263,5 milliard so‘mni tashkil etdi.
– Yangi sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish va mavjudlarini takomillashtirish doimiy e’tiborda, – deydi kompaniyaning yangi sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish va joriy etish hamda uslubiyat departamenti bosh menejeri S.Mirzayev. – O‘tgan yili 12 ta yangi sug‘urta mahsuloti ishlab chiqildi, mijozlar talab va ehtiyoji asosida namunaviy sug‘urta shartnomalarining 56 tasiga o‘zgartirishlar kiritildi. Ikki yuz o‘ndan ziyod shartnoma modernizatsiya qilindi.
Kompaniya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar, eksportchi tadbirkorlar bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Tadbirkorlik subyektlari, xususan, meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga sug‘urta himoyasini taqdim etish maqsadida to‘rtta yangi sug‘urta mahsuloti ishlab chiqildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning tadbirkorlik qaltisliklarini sug‘urtalash, meva-sabzavot, qishloq ho‘jaligi mahsulotlarini tashishni, muzlatgich kamerada saqlanayotgan mol-mulkni sug‘urtalash shular sirasidandir.
Matbuot anjumanida majburiy va ixtiyoriy sug‘urta turlari, tadbirkorlarning sug‘urta madaniyati darajasini oshirish va kompaniya faoliyati ochiqligini ta’minlashga doir savollarga javob berildi.