Bir qo‘lida farzand beshigi, bir qo‘lida ilm
Bu yilgi Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar orasida Farg‘ona politexnika instituti magistranti Zarnigor Oripova ham bor.
U jajji qizaloqning onasi. Oila a’zolari, turmush o‘rtog‘ining qo‘llab-quvvatlashi tufayli ilm-fan sohasining muhim yo‘nalishi – kimyo-texnologiyalari sohasida ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
–Mamlakatimizda xotin-qizlarni ilm-fan bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda, – deydi u. – Buni o‘zim misolimda yaqqol ko‘rish mumkin. Ishlab chiqarishdagi yangiliklarni, zamonaviy texnika va texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirishga harakat qilaman. Shu bois zamonaviy texnika va texnologiyalarni mukammal o‘rganish orqali yurtimiz iqtisodiyoti, xususan, kimyo sanoatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shish harakatidaman.
Oilada kitobxonlik muhiti shakllangani uchun ham Zarnigor shu darajaga erishdi. Ilmiy izlanishlari natijasida kimyo sanoati sohasida elektron dasturiy ishlanmalarini yaratib, Intellektual mulk agentligining mualliflik guvohnomalarini qo‘lga kiritdi. 2018-2021 yillarda respublika va xalqaro ilmiy nashrlarda kimyo fanining dolzarb muammolari yechimiga oid 30 ga yaqin maqolalari chop etildi. Hammualliflikda bir necha o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarini yaratdi. 2019 yili I-Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada faol qatnashib, sertifikat bilan taqdirlandi. 2020 yilda professor R.Tillayev xotirasiga bag‘ishlangan onlayn olimpiada va xalqaro konferensiyada faol qatnashdi.
Shu bilan birga “SCIF Congress” ning xalqaro onlayn simpoziumlarida faol ishtirok etib kelmokda. U institut Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotida “Ta’lim jarayoni sifatini monitoring qilish yo‘nalishi” yetakchisi, talabalar kengashi a’zosi. Shuningdek, O‘zbekiston ekologik partiyasining faol a’zolaridan biri hisoblanadi. Axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanib, ingliz hamda koreys tillarida kitob mutolaa qiladi. “Ziyonet” ta’lim tarmog‘idan ilm-fanga oid yangiliklardan doimiy tarzda foydalanib keladi.
Bir qo‘lida farzand beshigi, bir qo‘lida ilmni mahkam tutib, quvonarli yutuqlarga erishayotgan Zarnigor tom ma’noda yangi O‘zbekistonning barkamol avlod vakillaridan biri ekanligi shubhasizdir.
M. Sulaymonov, O‘zA