“Bir oyog‘imdan ayrilganimdan afsuslanmayman, aksincha g‘ururlanaman”
Karvon bexatar bo‘lmaydi. Jonajon O‘zbekistonimiz bosib o‘tgan 30 yillik shonli mustaqillik yo‘li ham turli xavf-xatarlardan xoli emas.
2000 yil, avgust oyi. Yurtimizda mustaqillikning 9 yilligiga tayyorgarlik ko‘rilayotgan kunlar.
Kutilmaganda, respublikamizning janubiy sarhadi – Surxondaryoning Sariosiyo va Uzun tumanlari orqali bir guruh jangarilar qurolli hujum uyushtirdi. To‘g‘ri, jangarilar yo‘q qilindi. Biroq, ko‘plab o‘zbek o‘g‘lonlari – o‘n gulidan bir guli ochilmagan yigitlarimiz shahid ketdilar, ko‘plab yigitlar bir umrga mayib-majruh bo‘lib qoldi.
Ular orasida Ilyosjon Yigitaliyev ham bor. Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani Samarqand qishlog‘idagi 5-maktabni tamomlagan Ilyosbek 1998 yilda armiya xizmatiga chaqirildi. Bir yillik muddatli xizmat nihoyasiga yetgach, o‘z xohishi bilan shartnoma asosida xizmatni maxsus batalonda davom ettira boshladi.

– Yanglishmasam, 2000 yilning 1 avgust kuni edi. Tunda maxsus trevoga orqali butun batalon oyoqqa turg‘azildi, – deya eslaydi Ilyosjon. – Ma’lum bo‘lishicha, bir guruh jangarilar chegarani buzib o‘tgan ekan. Voqea joyiga yetib borganimizda “taqur-tuqur” otishmalar boshlanib ketdi. Shu otishmalarning birida o‘ng oyog‘imdan qattiq yaralandim.
Yaqin bir yil gospitalda yotdim. Davolanishlar natija bermagach, oyog‘imni kesib tashlashdi. Uydan ikki oyoqda chiqib ketib, bir oyoqda kirib kelish osonmas ekan. Avvaliga tushkunlikka tushdim. Biroq, ota onamning, yaqinlarim, do‘stlarimning daldalari va albatta, Vatan hissi yashashga, hayotga bo‘lgan ishonchimni, muhabbatimni oshirdi. Garchi bir oyog‘imdan ayrilgan bo‘lsam-da, bundan aslo afsuslanmayman, aksincha g‘ururlanaman. Bizni ulg‘aytirgan, tarbiyalagan yurt uchun har qancha xizmat qilsak, arziydi.
Ilyosjon bir oyog‘idan ayrilgan paytida navqiron 22 yoshda edi. Oradan 10 yil o‘tdi. Bugun mo‘’jazgina oilaning sohibi. Har qadamda unga dalda va mehr beruvchi rafiqasi Muattarxon va ikki nafar farzandi bor. Birovdan kam joyi yo‘q.
Hokimlik, mudofaa ishlari bo‘limi va boshqa mutasaddi idoralar uning holidan tez-tez xabar olib turishadi. 14 yanvar – Vatan himoyachilari kunida ham ular Ilyosjonning xonadonida bo‘lib, bayram bilan tabriklashdi, sovg‘a-salomlar topshirildi. Quvonarli tomoni, uning ko‘ksini bezab turgan ko‘plab orden-medallar qatoriga “O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining 30 yilligi” esdalik nishoni taqib qo‘yildi. Shuningdek, Mudofaa vazirligi tomonidan 1 million so‘m miqdorida pul mukofoti topshirildi.
– Biz jangchi faxriylarga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor uchun davlatimizga, muhtaram Yurtboshimizga katta rahmat. Kamtarona xizmatim munosib rag‘batlantirilayotganidan minnatdorman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin, – deydi Ilyosjon.
Albatta, Ilyosjon Yigitaliyev garchi taqdir taqozosi bilan bir oyog‘idan ayrilgan bo‘lsada, bugungi hayotidan mamnun. Chunki, bu yorug‘ dunyoda tiriklikning o‘zi katta baxt. Yon-atrofdagilarning mehr-muhabbatini qozonib yashash – saodat.
M. Sulaymonov, O‘zA