Bir mavsumda 2 ming 160 tonna asal
Andijon viloyatida asal yetishtirish bilan shugʻullanuvchi fermer va dehqon xoʻjaliklari, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan 2017 yilda 1 ming 900 tonna asal yetishtirilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 2 ming 160 tonnaga yetdi.
Andijon viloyatida asal yetishtirish bilan shugʻullanuvchi fermer va dehqon xoʻjaliklari, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan 2017 yilda 1 ming 900 tonna asal yetishtirilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 2 ming 160 tonnaga yetdi.Bu haqda Andijon shahridagi “Markaziy dehqon bozori“da oʻtkazilayotgan “Asal bayrami va asal mahsulotlari“ milliy koʻrgazma-yarmarkasida maʼlumot berildi.
– Hozirda asalarichilarimiz 32 ming 480 quti asalari uyasini parvarishlamoqda, – deydi Asalarichilar uyushmasi Andijon viloyati boʻlimi rahbari Sodiqjon Moʻminov. – Avvallari bir quti asalari uyasidan 5-6 kilogramm asal olingan boʻlsa, ilgʻor texnologiya va ish uslublarini qoʻllash hisobiga bugun tajribali asalarichilar har qutidan 8-10 kilogrammgacha mahsulot olishga erishmoqda.
Qariyb 700 nafar asalarichini birlashtirgan Asalarichilar uyushmasi viloyat boʻlimi tashabbusi bilan viloyat hokimligi, qishloq xoʻjaligi boshqarmasi hamda “Aloqabank” ATB viloyat filiali hamkorligida Andijon shahrida oʻtkazilayotgan koʻrgazma-yarmarkada ellik nafarga yaqin asal yetishtiruvchi aholiga 15 turdan ortiq sifatli va shifobaxsh asal taqdim etmoqda.
Asalarichilikni rivojlantirish maqsadida birgina “Aloqabank” ATB viloyat filiali tomonidan 23 asalarichiga 1 milliard 350 million soʻm miqdorida kredit berilgan.
– Asal nafaqat shifobaxsh neʼmat, balki yaxshigina daromad manbai hamdir, – deydi koʻrgazma ishtirokchisi, Buloqboshi tumani Guliston mahallasida yashovchi Odiljon Oʻrinov. – Bir necha yildan buyon asalarichilik bilan oilaviy shugʻullanib kelamiz. Bankdan kredit olib, faoliyatimizni yanada kengaytirdik. Hozir 150 ta asalari uyasini parvarish qilamiz, yiliga 1-1,5 tonna asal olamiz.
Noyabr oyining oxiriga qadar davom etadigan koʻrgazma-yarmarka doirasida asosiy va qator nominatsiyalar boʻyicha eng yaxshi asalarichilar aniqlanib, ularga “Asal bayrami”ning respublika bosqichida qatnashish uchun yoʻllanma beriladi.
Noyabr oyining oxiriga qadar davom etadigan koʻrgazma-yarmarka doirasida asosiy va qator nominatsiyalar boʻyicha eng yaxshi asalarichilar aniqlanib, ularga “Asal bayrami”ning respublika bosqichida qatnashish uchun yoʻllanma beriladi.