“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusiga 10 yil to‘ldi
Ma’lumki, bu yil Xitoy xalq Respublikasi tomonidan ilgari surilgan yirik xalqaro tashabbus – “Bir makon, bir yo‘l” g‘oyasi hayotga tatbiq etilganiga 10 yil to‘ladi. Tinchliksevar, insonparvar dunyo jamoatchiligi – mazkur global loyiha ishtirokchilari bo‘lgan davlatlar ushbu sanani keng nishonlamoqdalar. Jumladan, O‘zbekistonda ham shu munosabat bilan ko‘plab tadbirlar uyushtirilmoqda.
“Bir makon, bir yo‘l” loyihasining 10 yilligi bag‘ishlangan asosiy anjuman – oliy darajadagi 3-xalkaro sammit oktyabr oyi o‘rtalarida Xitoyda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Osiyo, Afrika, Yevropaning jami aholisi 5 milliardga yaqin 70 dan ziyod davlatlari rahbarlari qatnashishi kutilayotgan mazkur ulkan anjuman hamjamiyatning dunyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlari yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 25-27 aprel kunlari Pekinda bo‘lib o‘tgan "Bir makon, bir yo‘l" ikkinchi xalqaro forumida faol ishtirok etib, qator konstruktiv tashabbuslarni ilgari surgan edi. O‘shanda XXR raisi Si Szinpin davlatimiz rahbarini "Bir makon, bir yo‘l" g‘oyasi asoschilaridan biri sifatida e’tirof etgani bejiz emas.
Markaziy Osiyo, Yevropa va Afrika mintaqasida joylashgan 70 dan ortiq mamlakatni o‘zaro bog‘lovchi mavjud iqtisodiy yo‘laklarni yanada takomillashtirish, yangi transport va savdo yo‘llarini yaratishni ko‘zlagan Xitoyning bu xalqaro tashabbusi mamlakatimizning barcha mamlakatlar va mintaqalar bilan o‘zaro manfaatli, teng huquqli hamkorlikni rivojlantirish maqsadlariga to‘la mos keladi.
G‘.Xonnazarov,
O‘zA