“Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili amalda (+video)
Shirin shahridagi "Nurobod" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, aholining turmush darajasini oshirish,“Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida kartoshka urug‘larini ekish va aholi daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha seminar tashkil etildi.
Sirdaryo viloyat raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi, Shirin shahar hokimligi vakillari va agrosanoat sohasi mutaxassislari, tomorqa yer egalari tomonidan “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida kartoshka yetishtirish, kartoshka urug‘larini o‘stirishda samarali agrotexnikalar va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali undan yuqori hosil olish, hosildorlikka salbiy ta’sir qiluvchi zararkunandalarga qarshi kurash kabi masalalarda so‘z yuritilib, ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan 37 ta xonadon sohibiga kartoshka urug‘lari tarqatildi.
[gallery-21936]
–Mirishkor ko‘chasidagi 5-uyda yashayman,–deydi Musurmonqul Xoliqov.–Tomorqamda ekin ekiladigan yer maydoni juda katta bo‘lmasada, 8 sotixiga kech kuzda sarimsoqpiyoz ekkanman. Iyun oylarida pishib yetilgach, uning o‘rniga qizil lavlagi ekaman. Maqtanmaymanku, ammo birinchi ekindan o‘rta hisobda aytganda 15-20 million so‘m atrofida daromad qilaman. Qolgan yer maydoniga kartoshka ekaman. Undan olinadigan hosil ham yomon bo‘lmaydi. Otam rahmatli dehqon bo‘lgan. Shu boisdan dehqonchilikni yaxshi bilaman. Shu tomorqaning orqasidan to‘rt farzandni voyaga yetkazdim. Uy qurdim, to‘ylar qildim. Yaratganga shukr, nabirali ham bo‘ldim. Menimcha, bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak.
"Nurobod"da Musurmonqul Xoliqov kabi yerga mehrini bergan, ekin ekib daromad qilayotgan, farzandlarini boqayotgan kishilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular o‘z tomorqalariga “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida kartoshka va boshqa ekin turlarini ekib, yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga, bozorlarning arzon bo‘lishiga hissa qo‘shmoqda.
Nurobod mahallasida 304 ta xonadon bo‘lib, ularga qarashli 24 gektar tomorqa yer maydonlari bor. Shundan 20 foiziga bugunga qadar kartoshka va boshqa turdagi ekinlar ekilgan bo‘lsa, qolgan tomorqa yer maydonlarida shudgorlash ishlari olib borilib, yer tayyor holatga keltirildi.
Ayni vaqtda shudgorlangan yer maydonlariga peshma-pesh kartoshka va boshqa foydali ekin turlarini ekish ishlari olib borilyapti.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/vxDxmIE1I2Q" title="“Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili amalda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev. (surat, video), O‘zA muxbirlari