Bino-inshootlar qurilishida yangicha yondashuv
Farg‘ona viloyatining barcha hududlarida yangi inshootlar, uy-joylar bunyod etilayotgan bo‘lib, ularning sifati ham doimiy nazoratda.
Xususan, qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi Farg‘ona viloyati bo‘limi xodimlari tomonidan joylarda muntazam monitoring ishlari olib borilmoqda. Beshariq tumani “Fayziobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 5-maktabgacha ta’lim tashkiloti binosiga qo‘shimcha xonalar qurish ob’ektida monitoring amalga oshirildi.

O‘rganish jarayonida ob’ektning loyiha smeta hujjatlarida energiya samaradorlik talablariga to‘liq rioya etilmaganligi aniqlandi. Jumladan, mazkur qurilish ob’ektida ikkilamchi hamda qayta tiklanuvchi energiya resurslaridan foydalanish talablari ko‘zda tutilmagan, deraza romlarining oynalari ikki qavatlidan uch qavatliga o‘zgartirilmagan, isitish radiatorlari orqa tomonlariga issiqlik qaytaruvchi himoya materiallari o‘rnatilishi belgilanmagan. Inspeksiya tomonidan yuqoridagi kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar qurilish-montaj ishlarini vaqtinchalik to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Albatta, bu qurilishlardagi qonun buzilish holatlarini bartaraf etish birmuncha vaqt, xarajat, harakat talab etadi.

Tadbirkor Muhiddin Karimov tomonidan esa Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ob’ektni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” 5-bandi talablari buzilgan. Xususan, reglament talablariga zid ravishda, qurilish-montaj ishlarini boshlash to‘g‘risida inspeksiyaga xabarnoma yubormasdan qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Shu sababli, inspeksiya mutaxassislari tomonidan ob’ektning qurilish ishlari to‘xtatilib, belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki qonunchilikka ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan barcha, shu jumladan, davlat va xususiy ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash, madaniyat va turizm, umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, sport komplekslari, lokal isitish issiqlik tizimiga ulanadigan ko‘p xonadonli uy-joylar, “Yangi O‘zbekiston” massivlari, umumiy maydoni 1000 kvadrat metrdan katta bo‘lgan barcha savdo-ko‘ngilochar markazlarning bino-inshootlarini loyihalashtirish va ishga tushirishda issiq suv iste’moli hajmining kamida 25 foizi ushbu ob’ektlarda o‘rnatiladigan quyosh suv isitish qurilmalari orqali qoplanishi talab etiladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish ko‘zda tutilmagan loyiha hujjatlari bo‘yicha qurilish ishlarini boshlash hamda issiq suvdan foydalanish ko‘zda tutilgan yangi bino-inshootlarda quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish ko‘zda tutilmagan taqdirda bunday bino-inshootlarni foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.
M.Sulaymonov,
O‘zA