Bilimlarni sinovdan o‘tkazish vaqti keldi
Sirdaryo viloyatida ham 2025-2026 o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul bo‘yicha test sinovlari boshlandi. Ushbu muhim jarayon belgilangan tartib va talablar asosida o‘tkazilmoqda.
Bilim va malakalarni baholash agentligining Sirdaryo viloyati bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda hududdan 21 ming 409 nafar abituriyent bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etmoqda.

– Test sinovlari Guliston shahridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining viloyat bo‘limi binosida o‘tkazilmoqda, – deydi agentlikning Sirdaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Alisher Bahromov. – Barcha tashkiliy ishlar belgilangan me’yorlar asosida amalga oshirildi. Abituriyentlar uchun qulay, xavfsiz va shaffof muhit yaratildi.

Test sinovlari har kuni ikki smenada — soat 08:00 dan 11:00 gacha va 15:00 dan 18:00 gacha tashkil etilmoqda. Har bir smenada 1 ming 200 nafar, bir kunda esa 2 ming 400 nafar abituriyent sinovda ishtirok etyapti. Test jarayonlari viloyatda 23 iyulgacha davom etadi.

Imtihonlarning adolatli va oshkora o‘tishini ta’minlash maqsadida test o‘tkazilayotgan binolar videokuzatuv tizimlari bilan to‘liq jihozlangan. Shu bilan birga, ota-onalar va keng jamoatchilik uchun onlayn kuzatuv imkoniyati ham yaratilgan.
G‘ulom Primov,
Shahriyor Ortiqboyev (surat) O‘zA muxbirlari