Bilimga berilgan ko‘mak kelajakka imkoniyatdir
Yurtimizda yosh avlodning sifatli ta’lim olishi, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy ko‘makka ehtiyojmand oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar yoshlar kelajagiga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Toshkent viloyatida ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 400 ga yaqin oilaning 2025 – 2026 o‘quv yilida umumta’lim maktablarida fanlarni “a’lo” baholarga o‘zlashtirayotgan farzandlariga homiylar tomonidan maktab sumkalari va zarur o‘quv qurollari topshirildi.

Mazkur tashabbus bilimga intilayotgan o‘quvchilarni rag‘batlantirish, ularning ta’lim olishi uchun zarur sharoit yaratish va kelajakdagi maqsadlariga erishishiga ko‘maklashishga xizmat qiladi. Zero, o‘quvchiga berilgan har bir kitob, daftar va qalam — uning bilim olish yo‘lidagi muhim qadami. Bugungi e’tibor va ko‘mak esa ertangi taraqqiyot uchun mustahkam poydevordir.
A.Musayev, O‘zA