Bilim, mahorat, izlanishlar sabog‘i
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va boshqa bir qator hamkor tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan Kitobxonlik haftaligining navbatdagi kuni ham qiziqarli voqealarga boy bo‘ldi.
Yurtimiz nashriyotlarida chop etilayotgan yangi kitoblar taqdimoti o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘quvchilar uchun xalq amaliy san’ati ustalari bilan uchrashuvlar, mahorat darslari, amaliy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, bolalarda kitobxonlikka, tasviriy san’atga mehr uyg‘otish davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Mutolaa va amaliy san’at qaysidir ma’noda bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Zero, yaxshigina musavvir, mohir usta, qo‘li gul kulol bo‘lish uchun ham ko‘p kitob o‘qimoq, bilim va ko‘nikmalarni puxta egallamoq lozim. Xalq amaliy san’ati bo‘yicha muloqot va mashg‘ulotlar o‘quvchi-yoshlarda katta taassurot uyg‘otdi.
N.Usmonova, O‘zA