Betakror ovoz sohibi yodga olindi
"Turkiston" san’at saroyida Rashit Vagapov nomidagi tatar qo‘shiqlari xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mamlakatlar, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda bu kabi festivallarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.

Mazkur festival haqida gapirishdan avval tatar vokal musiqasi timsoli, afsonaviy qo‘shiqchi Rashid Vagapov ijodiga alohida to‘xtalib o‘tish joiz.
Butun hayotini ijodga bag‘ishlagan Rashid Vagapov Tatar davlat filarmoniyasida (Rossiya Federatsiyasi) uzoq yillar faoliyat yuritgan. Go‘zal tembrli kuchli ovoz sohibi bo‘lgan Rashid Vagapov milliy musiqa merosining “oltin fondi”ga kirgan asarlarni mahorat bilan tinglovchilar qalbiga yetkaza olgan, xalq mehrini qozongan ijodkorlardan.

Xususan, uning ijrosidagi “Alfiya”, “Nuriya”, “Rayhon”, “Zulayho”, “Guljamol” qo‘shiqlari san’at ixlosmandlarining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lgan.
Festival doirasida O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovning Tatariston xalq artisti unvoni bilan taqdirlangani quvonchli xabar bo‘ldi.

Aytish kerakki, bu kabi xalqaro festivallar xalqlar o‘rtasidagi o‘ziga xos ko‘prik bo‘lib, millat va elatlar hamda davlatlarni bir-biriga yaqinlashtirishga, o‘zaro madaniyatlar almashinuviga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA