Beshta muhim tashabbus – amalda
Andijon davlat universitetida “Beshta muhim tashabbus – yoshlarimizning ertangi kuni istiqbolidir” deb nomlangan Yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi.
Andijon davlat universitetida “Beshta muhim tashabbus – yoshlarimizning ertangi kuni istiqbolidir” deb nomlangan Yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus ijrosi doirasida “Prezidentimiz tashabbusiga tashabbus bilan javob beraylik” shiori ostida o‘tkazilgan festivalda Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi oliy o‘quv yurtlari talabalari ishtirok etdi.
Festival ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimizda talaba-yoshlarning puxta bilim olishi, o‘zlari tanlagan sohaning malakali mutaxassisi bo‘lishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilganligi, besh muhim tashabbus yoshlarimizning iste’dodini yuzaga chiqarishning asosiy mexanizmiga aylangani ta’kidlandi.
– Festivalning asosiy maqsadi yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning qiziqish va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan, – deydi Andijon davlat universiteti rektori Akramjon Yo‘ldoshev. – Bu orqali talabalarning faolligini oshirish, jamiyatdagi jarayonlarga daxldorlik hissini kuchaytirishga erishamiz.
Mehmon va ishtirokchilar “Andijon polkasi” raqsi bilan kutib olindi. Festival doirasida turli yo‘nalishlarda ko‘rgazmalar, tanlovlar, sport musobaqalari tashkil etildi, muloqot va davra suhbatlari o‘tkazildi.
Tasviriy san’at asarlari, universitet kafedralari tomonidan besh muhim tashabbus doirasida bajarilgan ishlar, talabalar tomonidan tayyorlangan hunarmandchilik, kulolchilik san’ati namunalari, milliy qo‘g‘irchoqlar va liboslar ko‘rgazmalarini, ayniqsa, talabalar “Qo‘g‘irchoq teatri” jamoasining chiqishlarini barcha katta qiziqish bilan tomosha qildi.
– Tabiatni, ekologiyani asrab-avaylashni targ‘ib etuvchi rasmlarim ko‘pchilik e’tiborini tortdi, – deydi Andijon davlat universiteti talabasi Oyatullo Qodirjonov. – Asarlarimda ilgari surilgan g‘oyani anglagan tengdoshlarim shubhasiz, ona tabiatni asrab-avaylashga harakat qiladi.
Talabalar o‘rtasidagi jonli qo‘shiq ijrosi, she’rxonlik, ifodali o‘qish tanlovlari yoshlarning san’atga, adabiyotga, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga yordam berdi.
Milliy taomimiz – palov tayyorlash bo‘yicha fakultetlararo o‘tkazilgan "Osh chempionati" orqali talabalarning qay darajada pazanda ekanliklari sinovdan o‘tkazildi.
Festival doirasida olimpiada o‘yinlari, Osiyo, jahon chempionatlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan talabalar, ularning murabbiylari ishtirokidagi sport musobaqalari haqiqiy sport bayramiga aylandi, yoshlarda sportga bo‘lgan qiziqishni oshirdi, o‘zaro tajriba almashish, mahoratlarini boyitishga imkon yaratdi.
Sambo bo‘yicha Osiyo chempioni, Andijon davlat universiteti talabasi Zarnigor O‘rmonova, voleybol bo‘yicha O‘zbekiston superkubogini qo‘lga kiritgan universitet qizlar jamoasining yoshlar bilan uchrashuvlari barchaga ko‘tarinkilik ulashdi.
Sportning qilichbozlik, basketbol, boks, karate turlari bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar, shuningdek, universitet sportchi talabalari erishgan yutuqlarni aks ettiruvchi ko‘rgazma ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Keyingi yillarda universitetimizdan 4 nafar Olimpiya va Paraolimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindori, 17 nafar jahon, 33 nafar Osiyo, 88 nafar O‘zbekiston chempioni yetishib chiqdi, – deydi Andijon davlat universiteti matbuot kotibi Sharofiddin Hoshimjonov. – Bu, albatta, yoshlarimiz qalbida faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.
Andijon, Farg‘ona, Namangan davlat universitetlari, Andijon viloyatidagi bolalar va o‘smirlar sport maktablari jamoalari o‘rtasidagi belbog‘li kurash, mini-futbol, shaxmat, shuningdek, yigitlar o‘rtasida arqon tortish, tosh ko‘tarish, armrestling, qizlar o‘rtasida qiyiq tortish musobaqalari qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi.
Festivalda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash yo‘nalishi bo‘yicha ham qiziqarli tadbirlar o‘tkazildi.
Universitet axborot-resurs markazi, Bobur nomidagi viloyat axborot-resurs markazi tomonidan badiiy, ilmiy, o‘quv adabiyotlari ko‘rgazmasi, kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar tomonidan kitoblar savdosi tashkil etildi. Shuningdek, kitoblarni telefon orqali qulay yuklab olishga mo‘ljallangan QR-kodli innovatsion kitoblar ham taqdim etildi. “Bu mening kutubxonam” aksiyasi doirasida fakultetlar kutubxonalarining ochilish tantanalari o‘tkazildi.
Universitetning fizika-matematika fakulteti jamoasi tomonidan aholi va yoshlar orasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha “Bir tashabbus doirasida besh tanlov” loyihasi taqdimotida talaba-yoshlar dasturlash, kompyuter, internetdan qay darajada foydalanish bo‘yicha bilim va malakalarini namoyish etdi.
Xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan tadbir va tanlovlarda talabalarning qo‘l mehnati hamda milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi namoyish etildi.
– Talabalar yotoqxonalarida “Mohir qo‘llar” to‘garaklari tashkil etilgan, – deydi universitet xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Umidaxon Ahmedova. – To‘garaklarda talabalarga to‘qish, tikish bo‘yicha bepul hunar o‘rgatiladi, qolaversa, ular bo‘sh vaqtlarida mehnat qilib, qo‘shimcha daromad topish imkoniga ega bo‘ladi.
Uch kun davom etgan festival yakunida faol ishtirokchilar, tanlovlar g‘oliblari universitet rektorati va kasaba uyushmasining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.