“Beshqo‘rg‘on” bozoridagi yong‘in haqida nimalar ma’lum (+video)
5-aprel kuni soat 15:56 da Toshkent shahar Chilonzor tumani, katta xalqa avtomobil yo‘lida joylashgan “Beshqo‘rg‘on” bozorida yong‘in sodir bo‘ldi.
Qutqaruv ekipajlari voqea joyiga zudlik bilan yetib borib, yong‘in soat 16:53 da qurshab olindi hamda vaziyat maxsus xizmatlarning to‘liq nazoratiga olindi. Natijada yong‘in soat shomga qadar to‘liq o‘chiriladi. Voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Azizbek Ikramov ham yetib borgan.
Yong‘in sababi va keltirilgan zarar miqdori aniqlanmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra savdo majmusida sodir bo‘lgan yong‘in vaqtida qutqaruvchilarning professionalligi va tezkor harakatlari tufayli majmuaning 3000 kvadrat metr maydoni va moddiy boyliklar, shuningdek, unga tutash bo‘lgan hududdagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi hamda 5 qavatli avtoturargoh yong‘indan saqlab qolindi.
- Yong‘in natijasida 8 ming kvadrat metr joy zararlandi, o‘t o‘chiruvchilarning sa’y-harakati natijasida 3 ming kvadrat metr hudud saqlab qolindi, - deydi Toshkent shahar FVBB axborot xizmati rahbari Zuhriddin Qurbonov. – Hozirda FVV laboratoriyasi xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Bozorning yong‘in bo‘lgan qismida 200 nafarga yaqin mutaxassislar va 21 texnika yordamida o‘t o‘chirish ishlari olib borildi.
Yong‘in sodir bo‘lgan kunidan bir kun o‘tib, tadbirkorlarimiz butun qolgan mol-mulklarini ko‘zdan kechirib olmoqdalar. Ayni vaqtda ob’ekt ichki ishlar xodimlari tomonidan nazoratga olingan. Tadbirkorlarning mulklarini himoya qilish maqsadida voqea joyiga aloqasi bo‘lmagan fuqarolar hududga kiritilmayapti.
Ishchi guruh hozirda yong‘in sabablari va tadbirkorlarga yetkazilgan zarar miqdorlarini aniqlash yuzasidan tekshiruv va surishtiruv ishlarini olib bormoqda. Bu haqida kelusi dasturlarimizda batafsil xabar beramiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1WaWld2LgRE" title="“Beshqo‘rg‘on” bozoridagi yong‘in haqida nimalar ma’lum" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA