“Beshbuloq” aholisining turmush tarzi oʻrganildi
“Beshbuloq” – odamlari mehmondoʻst va tanti, tumandagi eng koʻp aholi istiqomat qiladigan mahallalardan biri.
Sirdaryo viloyati Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi birinchi oʻrinbosari Nargiza Tojiboyeva boshchiligidagi Ishchi guruh vakillarining Sirdaryo tumani mahallalaridagi oilalarning yashash tarzi, kundalik muammolari atroflicha oʻrganildi.
“Beshbuloq” – odamlari mehmondoʻst va tanti, tumandagi eng koʻp aholi istiqomat qiladigan mahallalardan biri. Mahalla raisi Shuhrat Muqimovning taʼkidlashicha, hududda 497 xonadon, 801 ta oila mavjud boʻlib, jami 3045 nafar aholi istiqomat qiladi.
Mazkur mahallada yashovchi Rayhon Rustamovaning 10 sotixga yaqin tomorqa yeri bor. Ammo ikki nafar nogiron farzandiga doimiy qarash zarurati sabab, u hozirda oʻz tomorqasidan unumli foydalana olmayapti. Ishchi guruh rahbari N.Tojiboyeva tavsiyasi va tashabbusi bilan mahalla qoshidagi jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar yordamida Rayhon opaning tomorqa yeriga ishlov berish hamda zarur urugʻ va koʻchatlar bilan taʼminlash boʻyicha ishlar boshlab yuborildi.
N.Tojiboyeva “Beshbuloq” mahallasidagi Maʼrifat Elmurodova yaratgan issiqxona bilan tanishar ekan, bu ish tajribasini imkon qadar butun tuman miqyosida joriy qilish taklifini ilgari surdi. Maʼrifat opa 12.5 sotix maydonda tashkil etgan mazkur issiqxona orqali nafaqat oʻz oilasini, balki 5 nafar mahalladoshini ham mavsumiy ish bilan taʼminlamoqda.
– Oʻtgan yili bankdan 30 million soʻm kredit olib, mana shu issiqxonani tashkil etishni yoʻlga qoʻygandik, – deydi Maʼrifat opa Elmurodova. – Issiqxonadan bir necha bor hosil olishimiz natijasida oʻtgan yilning oʻzida 50 million soʻm daromad koʻrdik. Bu yildan boshlab ertapishar pomidor hosilimizni poytaxt bozorlariga qadar yetkazishni yoʻlga qoʻydik.
“Beshbuloq” mahallasidagi yana bir tadbirkor ayol – Gulnoza Akkulova oʻz xonadonida kichik tikuv sexi ochib, 6 nafar xotin-qizni ish bilan taʼminlagan. Qoʻli chevar mahalladoshlar tomonidan tayyorlanayotgan tibbiy niqoblar mahalliy dorixonalarga ketma-ket yetkazib berilmoqda. Muhimi, oʻzaro hamkorlik natijasida bugungi hududdagi tibbiy niqobga boʻlgan talab taʼminlanmoqda.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi
Matbuot xizmati