Beshariqda tumanlararo perinatal markazi ish boshladi
Farg‘ona viloyati Beshariq tumani tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limi negizida bir vaqtning o‘zida 145 nafar tug‘ruq yoshidagi ayollar uchun xizmat ko‘rsatadigan tumanlararo perinatal markazi foydalanishga topshirildi.
Ochilish tadbirida viloyat hokimi Xayrulla Bozorov yurtimizda islohotlar har bir sohada davom etayotgani, lekin eng katta islohot tibbiyot sohasida amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Mamlakatimizda tibbiyot sohasidagi islohotlar samarasida chekka hududlarda ham tibbiy xizmat sifati yanada yaxshilanmoqda. Ayniqsa, ona va bola salomatligini ta’minlash masalasi davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Yangi barpo etilgan maskan ham ana shu ishlarning uzviy davomidir.
Mehmonlar tug‘ruq kompleksida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Beshariq tumanlararo perinatal markazi Beshariq, Furqat, O‘zbekiston tumanlaridagi yuqori malakali tibbiy xizmat olishga muhtoj homilador, tug‘uvchi ayollar va chaqaloqlarga perinatal tibbiy xizmat ko‘rsatadi.
[gallery-8500]
Tug‘ruq kompleksini rekonstruksiya qilish uchun 750 million so‘m mablag‘ sarflandi. Shuningdek, tibbiyot muassasasining moddiy-texnika bazasini yaxshilash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi va viloyat hokimligi hisobidan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, apparaturalar va jihozlar keltirilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 29 iyulda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida viloyat hokimliklari bilan birgalikda 2022 yil 1 yanvardan boshlab bosqichma-bosqich Respublikada 46 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining tug‘ruq bo‘limlari negizida tumanlararo perinatal markazlarini tashkil etish belgilangan. Jumladan, viloyatimizda 3 ta – Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlari tug‘ruq komplekslari va Beshariq tumani tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limi negizida tumanlararo perinatal markazlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Joriy yil 1 iyulda Qo‘qon shahri, Dang‘ara, Buvayda, Bag‘dod va Uchko‘prik tumanlarida yashovchi ayollar hamda chaqaloqlarga perinatal tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi Qo‘qon shahar tumanlararo perinatal markazi foydalanishga topshirilgan edi. Marg‘ilondagi tumanlararo perinatal markazi oktyabr oyida tibbiy xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA