«Besh tashabbus Paralimpiadasi»ning yangi g‘oliblari aniq bo‘ldi
Poytaxtimizda «Besh tashabbus Paralimpiadasi» ommaviy sport musobaqalarining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda hududiy bosqichlarda g‘olib bo‘lgan 210 nafar yoshlar para stol tennisi, para yengil atletika, para shaxmat va para shashka sport turlari bo‘yicha 16 ta medallar jamlanmasi uchun o‘zaro bahs olib bordi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 6 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza, jami 9 ta medal jamg‘argan Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasi umumjamoa hisobida birinchi bo‘ldi. Farg‘ona viloyati jamoasi esa 2 ta oltin, 3 tadan kumush va bronza bilan ikkinchi pog‘onadan o‘rin oldi. 2 tadan oltin hamda kumush medalni qo‘lga kiritgan Surxondaryo viloyati jamoasi kuchli uchlikni yakunladi.


«Besh tashabbus Paralimpiadasi»ning Respublika final bosqichi yakunida g‘olib va sovrindorlarni O‘zbekiston sport vazirligi hamda Milliy paralimpiya qo‘mitasi rahbariyati tabriklab, medal, kubok, maxsus diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alar bilan taqdirladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA