Besh tashabbus olimpiadasi: millionlab yoshlar qamrab olinadi
Yoshlar bilan ishlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosini ta’minlashda, soha xodimlariga qulaylik yaratish maqsadida ko‘rilayotgan sa’y-harakatlar yil sayin o‘z natijasini bermoqda.
Jumladan, mahalla yoshlari o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkaziladigan musobaqalar uchun mahalla yoshlar yetakchilariga sport anjomlaridan iborat “Prezident sovg‘alari”ni berilishi ham mazkur ishlarning uzviy davomi bo‘ldi.

“Nurafshon arena” o‘yingohida mazkur sovg‘alarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi mas’ullari, viloyat sport boshqarmasi vakillari, barcha tuman-shaharlardan kelgan xodimlar qatnashdi. Jarayonda hududdagi 1 ming 25 ta mahallaga jami 7 ming donadan ortiq futbol, voleybol, basketbol, gandbol to‘plari kabi qator sport jihozlari berildi.

– Bu kabi e’tibor tanlovlar va musobaqalarni samarali tashkil qilish, iqtidorli yoshlarni kashf etishga qulaylik yaratadi. O‘ylaymanki, yoshlarimiz berilgan bu imkoniyatdan samarali foydalangan holda yaxshi natijalarni qo‘lga kiritadi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Nodir Hojiyev. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Mahalla yoshlari o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2024 yilgi mavsumi doirasida o‘tkazilgan loyihalarda ishtirok etish uchun 574 ming 689 nafar yoshlar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, bu jami viloyatdagi yoshlarning 67 foizini tashkil etadi. Joriy yilda esa 1 million nafarga yaqin o‘g‘il-qizlarni aynan mazkur sport musobaqalariga qamrab olish belgilangan.

Yaqinda Bo‘stonliq tumanidagi Yoshlar oromgohida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar o‘rtasida 2025 yilgi mavsumda o‘tkaziladigan ommaviy sport musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ikkinchi davra o‘quv-seminari samarali tashkil etilgan edi. Unda mamlakatimizning barcha joylaridagi 9 ming 542 ta mahalladagi yoshlarni onlayn platformaga kiritish va sport musobaqalariga jalb qilish borasida hududiy mutaxassislarga tushuntirishlar berilgan. Endilikda, shu asosida joylardagi ishlar tashkil etiladi.
A.Musayev,O‘zA