“Besh tashabbus olimpiadasi” g‘oliblari taqdirlandi
Nukusda “Besh tashabbus olimpiadasi” ikkinchi mavsumi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, milliy sport o‘yinlari va sport turlarini ommalashtirish, navqiron avlod vakillarining ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish, hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumida barcha mahallalardan 300 nafardan ziyod yosh ishtirok etdi. Shundan mamlakatimiz bosqichida qoraqalpog‘istonlik yoshlar sport musobaqalarida 11 ta birinchi, 8 ta ikkinchi va 15 ta uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ko‘rik tanlovlar bo‘yicha yakka va jamoaviy yo‘nalishlarda 5 nafar yosh faxrli birinchi, 4 nafari ikkinchi, 10 nafari uchinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi.
Tadbirda dastlab “Besh tashabbus paralimpiadasi” ikkinchi mavsumi doirasida o‘tkazilgan “para shaxmat”, “para shashka”, “para yengil atletika”, “para stol tennisi”, “para kibersport” sport musobaqalari g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Shundan so‘ng 16-21, 22-26 va 27-30 yosh toifalarida o‘g‘il-qizlar o‘rtasida milliy kurash, shaxmat, shashka, “Street Workout”, yengil atletika, stol tennisi, voleybol, stritbol, kibersport turlari bo‘yicha sport musobaqalari, mahalla yoshlaridan tuzilgan jamoalar o‘rtasida “Zakovat”, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Milliy va zamonaviy cholg‘ular” va raqs tanlovlari g‘oliblari taqdirlandi.
[gallery-10146]
G‘olib va sovrinli o‘rin egalariga tashkilotchilar tomonidan diplom va sovg‘alar topshirildi.
Taqdirlashda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA