“Besh tashabbus olimpiadasi” festivali
Yurtimiz yoshlarining sevimli loyihasiga aylanayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” targ‘ibotiga bag‘ishlangan festival minglab andijonlik yoshlarni jamladi.
Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish hamda ularni loyiha doirasidagi tadbirlarga keng jalb qilish maqsadida Andijon shahridagi Ekoparkda o‘tkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” festivalida viloyatning barcha tuman va shaharlaridan 5 ming nafarga yaqin yosh ishtirok etdi.
Festival ochilishida Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” yildan-yilga yoshlarning sevimli loyihasiga, minglab yoshlar uchun iste’dod va iqtidorlar namoyishi maydoniga aylanib borayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-17587]
Darhaqiqat, Andijon viloyatida mazkur loyiha doirasidagi o‘tkazilgan tanlov, intellektual o‘yin va sport musobaqalarida o‘tgan yili 463 ming nafar yosh qatnashgan bo‘lsa, bu yilgi mavsumidagi festival tadbirlarida ishtirok etish uchun 535 ming nafardan ziyod yosh ro‘yxatdan o‘tdi.
Festival davomida stol tennisi, armrestling, vorkout, shaxmat- shashka musobaqalari, “Mushoira” tanlovi, “Zakovat” intellektual o‘yini, “Ibrat”, “UzChess”, “Mutolaa” hamda “UstozAI” loyihalari targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbirlar, musobaqalar, yosh musavvirlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘ngilli yoshlar ana shu musobaqalarda ishtirok etib, o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
“Yoshlar ovozi” tanlovi ishtirokchilari tomonidan namoyish etilgan gala-konsert yoshlarga yuqori ko‘tarinkilik ulashdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari