“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida DXX kubogi musobaqalari boshlandi
Toshkent viloyatining 22 ta tuman va shaharlarida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida DXX kubogi musobaqalarining tuman va shahar bosqichlariga rasman start berildi.
Musobaqalarning tantanali ochilish marosimida Toshkent viloyati Sport boshqarmasi rahbariyati, viloyat DXX xodimlari, Yoshlar ishlari agentligi vakillari, shuningdek, mashhur futbolchilar hamda faxriy sportchilar ishtirok etdi. Ochilish marosimida barcha ishtirokchilarga musobaqa qoidalari, tayminglar va xavfsizlik talablari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mazkur musobaqalar doirasida viloyat bo‘ylab jami 883 ta mahallalarda 883 ta katta futbol, 883 ta mini futbol (o‘g‘il bolalar orasida) hamda 88 ta qizlar jamoalari shakllantirildi. Shuningdek, ishtirokchilar soni ham katta e’tiborga sazovor bo‘ldi. Katta futbolda 14 128 nafar, mini futbolda 8 830 nafar va qizlar o‘rtasidagi mini futbolda 880 nafar yoshlar sport qoidalariga rioya qilgan holda musobaqada qatnashadi.

Ochilish marosimida tuman va shaharlar masofaviy tarzda ham ishtirok etib, barcha hududlarda musobaqalarning bir vaqtda start olishi ta’minlandi. Shu tariqa, yoshlarning jismoniy tarbiya va sportga qiziqishini oshirish, mahallalarda sport muhitini rivojlantirish va yoshlar o‘rtasida salbiy odatlarga qarshi faollikni kengaytirishga qaratilgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning DXX kubogi musobaqalari katta qiziqish bilan boshlandi.

Musobaqalar natijalari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar tuman va shahar bosqichlaridan keyin viloyat bosqichiga yo‘l oladi.
N. Rahmonova, O‘zA