«Besh tashabbus harakati»da deputatlar faol ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari O.Tojiyev boshchiligidagi bir guruh deputatlar «Besh tashabbus harakati» doirasida Toshkent shahridagi yoshlar bilan muloqot qildi.
Uchrashuvda deputatlar yoshlarga so‘nggi yillarda parlamentning qonunchilik va nazorat-tahlil faoliyati, bu jarayonda faol va tashabbuskor yoshlarni o‘z ichiga qamrab olgan Yoshlar parlamenti a’zolarining ishtiroki yuzasidan ma’lumot berdi.
Xususan, 2020 yil Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi o‘rtasida palata huzurida «Yoshlar parlamenti»ni tashkil etish bo‘yicha bitim imzolanganligi, mazkur tuzilma jamiyatda yoshlarni siyosiy faol qatlamga aylantirish hamda ularning siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini amalda boyitish, qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayoniga yoshlarni jalb qilish va qabul qilinayotgan qonunlarni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish orqali ularning parlament hayotiga daxldorligini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda Yoshlar parlamenti a’zolari Qonunchilik palatasidagi qonun ijodkorligi jarayonlarida faol ishtirok etib, tengdoshlarining huquqiy madaniyatini oshirish, ayni paytda yoshlarning har tomonlama barkamol avlod sifatida voyaga yetishiga to‘sqinlik qilayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslarini ilgari surib kelmoqda.
Bundan tashqari, deputatlar so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal va izchil islohotlar barcha darajadagi davlat organlari qatorida parlamentning ham faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda, bir so‘z bilan aytganda, deputatlar korpusining ish faoliyati, Qonunchilik palatasining turli formatdagi majlislari ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri, keng miqyosda yoritib kelinmoqda.
Axborot maydonida deputatlarning ishtirokini yanada kengaytirish, parlament a’zolarining jamiyatda axborot siyosatini olib borishdagi faoliyatining samarali tizimini yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining Qonunchilik palatasida axborot faoliyatini muvofiqlashtirish va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga mas’ul bo‘lgan o‘rinbosari lavozimi ta’sis etilgani yuzasidan ma’lumot berildi.
Shuningdek, yoshlarga parlamentda muhokamadagi va qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholining keng qatlamiga yetkazish, deputatlarning jamoatchilik bilan o‘zaro aloqalarini zamonaviy media texnologiyalarini qo‘llagan holda yangi bosqichga olib chiqish va ijtimoiy tarmoqlarda faolligini ta’minlashga xizmat qiluvchi Parlament axborot markazi faoliyati yuzasidan to‘xtalib o‘tildi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda yoshlar ham deputatlarga parlamentda muhokama qilinayotgan qonun loyihalari hamda so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng miqyosda muhokama qilinayotgan dolzarb masalalarga parlament a’zolarining munosabati yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdi.