Beparvo bo‘lishga haqqimiz yo‘q
Har bir jamiyatning, unda yashaydigan insonlarning taqdiri va kelajagi albatta mamlakatning yetakchi kuchi hisoblangan yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq.
“Tarbiya qancha mukammal bo‘lsa, xalq shuncha baxtli yashaydi”, deydi donishmandlar. Yoshlar tarbiyasi mukammal bo‘lishi uchun esa bu masalada bo‘shliq paydo bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik lozim.
Prezidentimizning kuni kecha Yoshlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan forumdagi ma’ruzasida tarbiya masalasiga, ayniqsa, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, bu borada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar muammosiga alohida e’tibor qaratilganligi barchamizga quvonch bag‘ishladi.
Hozirgi kunda dunyo miqyosida beshafqat raqobat, qarama-qarshilik va ziddiyatlar tobora keskin tus olmoqda. Global muammolar – xalqaro terrorizm, ekstremizm, murosasizlik, savodsizlik, jaholat, qashshoqlik, zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi”, “ommaviy madaniyat”, odam savdosi, qurol-yarog‘ va narkotik moddalar kontrabandasi, noqonuniy migratsiya kabi xavf-xatarlar kuchayib odamzod asrlar davomida amal qilib kelgan e’tiqodlar, qadriyatlarga putur yetkazmoqda.
Bular yetmagandek, o‘z ichimizdan chiqayotgan ayrim nobakor kimsalar qutqusiga uchgan yoshlarimiz turli nomaqbul ishlarga qo‘l urmoqda. Prezidentimiz ana shunday yoshlar haqida gapirar ekan, yurtdoshlarimiz uchun muqaddas qadamjolarga aylangan Amir Temur, Alisher Navoiy va Motamsaro ona haykallari yonida nojo‘ya xatti-harakatlarni amalga oshirgan ayrim yoshlarimizning bu kabi sa’y-harakatlari milliy qadriyatlarimizga bepisandlik va haqoratdan boshqa narsa emasligini qayd etdi. Bu kabi holatlarga befarq bo‘lishga hech birimizning haqqimiz yo‘qligini o‘rinli ta’kidladi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi g‘oya va manfaatlarini o‘zida ifoda etgan bu da’vat nafaqat bizni, balki butun xalqimizni hushyorlikka chaqirishi kerak. Chunki, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, befarqligimiz tufayli ro‘y berayotgan bu kabi illatlar aynan befarqligimiz tufayli yanada chuqur ildiz otishi va ko‘plab farzandlarimizni izdan chiqarishi mumkin.
Biz buni istamaymiz! Odob-axloq, ilm-ma’rifat, iymon-e’tiqod, sharm-hayo kabi yuksak insoniy fazilatlar azal-azaldan ulug‘lab kelingan jonajon yurtimizda bunday nojo‘ya xatti-harakatlar urchib ketishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Yoshlar – har qanday jamiyatning ertasi. Ularning ongi uchun vayronkor hamda ma’rifatparvar g‘oyalar o‘rtasida kurash davom etaveradi. Bu g‘oyaviy kurashda esa o‘zining ezgu sa’y-harakatlari bilan yoshlarning ishonchini oqlay olgan tomon g‘olib bo‘ladi. Demak, biz, ma’rifat ahlining bir lahza bo‘lsin, beparvo bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Barkamol avlod va yuksak axloqli vatanparvar yoshlar bugunimiz va ertamizning haqiqiy davomchilari ekan, ularni bugun tarbiyalashimiz, ularni bugun to‘g‘ri yo‘lga boshlashimiz shart.
Maxsud MUHAMMEDOV,
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” Demokratik partiyasi
Buxoro viloyati Kengashi raisi,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati
O‘zA