Ben-Gvir: Isroil AQSH mustamlakasi emas!
Isroilning o‘ng qanot Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir AQSH va Eron o‘rtasidagi bitimni keskin tanqid qilib, Isroil Vashingtonga qaram emasligini ta’kidladi. Ushbu kelishuv mamlakat xavfsizligiga tahdid solayotgani haqidagi vazirning jiddiy bayonoti ko‘plab savollar tug‘dirmoqda.
Keskin munosabatni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qoldirgan mulozim ushbu bitimni tan olmasligini ma’lum qildi.
– Trampning kelishuvi biz uchun majburiy emas, — deb yozgan u. – Isroil armiyasi Livanda egallab olingan hududlardan chekinmasligi kerak. Bu kelishuv ishtirokchisi emasmiz. Mazkur hujjat xavfsizligimizni ta’minlamaydi va zimmamizga hech qanday majburiyat yuklamaydi. Isroil “Hizbulloh” to‘liq qurolsizlanishidan boshqa hech qanday shartga rozi bo‘lmasligi lozim. Isroil tomon otilgan har bir o‘qqa javoban bir lahza ham jim turmasligimiz kerak.
Ben-Gvirning fikricha, Livandan Isroil hududiga uchirilgan har bir dron yoki raketa uchun javob sifatida Isroil armiyasi Livan poytaxti Bayrutning Dahiya tumaniga kuchli zarba berishi shart.
Avvalroq Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif AQSH va Eron o‘rtasidagi kelishuv doirasida “Livanni ham o‘z ichiga olgan barcha frontlarda harbiy amaliyot zudlik bilan va uzil-kesil to‘xtatilishi”ni ma’lum qilgan edi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy ham Qo‘shma Shtatlar bilan kelishuvga erishilganini tasdiqlab, joriy yil 19-iyun kuni Shveysariyada o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishini tasdiqlagan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA