Bemorlarni davolashda telemeditsina orqali maslahatlashiladi
Samarqandda koreyalik hamkorlar ko‘magida telemeditsina markazi ish boshladi.
Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning 2019 yilda yurtimizga tashrifi doirasida Samarqand davlat tibbiyot instituti qoshidagi birinchi va ikkinchi klinikalar hamda Koreyaning Kyongbuk milliy universiteti Chilgok shifoxonasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan edi.

Mazkur memorandum asosida Samarqand davlat tibbiyot institutida telemeditsina markazi o‘z ishini boshladi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Jumaniyazov hamda Koreyadan kelgan mutaxassislar so‘zga chiqib, mazkur markazni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad, uning faoliyat yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi. Endilikda klinikada bemorlarni davolash, murakkab turdagi amaliyotlarni bajarishda koreyalik shifokorlar bilan hamkorlikda telemeditsina orqali o‘zaro maslahatlashuv va muhokamalar o‘tkaziladi.

Shundan so‘ng, samarqandlik va koreyalik tibbiyot xodimlari ishtirokida onlayn o‘quv-amaliy konfrensiya o‘tkazildi. Unda Koreya tibbiyot muassasalarida akkreditatsiya tizimi, ushbu davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida infeksiyani nazorat qilish va emlash jarayonlari, O‘zbekiston tibbiyot xodimlari o‘rtasida infeksiya tarqalishini nazorat qilish bo‘yicha yo‘riqnomalar va boshqa masalalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
G‘.HASANOV, O‘zA