Bemorlarga yanada qulaylik yaratiladi
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon viloyati filialiga zamonaviy angiograf apparati keltirildi.
Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va saviyasini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon viloyati filiali kapital ta’mirlanib, ko‘plab zamonaviy tibbiy apparat va uskunalar bilan jihozlangani ana shu yo‘nalishdagi ishlarga bir misoldir.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qiymati 6,5 milliard so‘mlik angiograf zamonaviy tibbiy apparati keltirilganligi bemorlarga juda katta qulaylik yaratadi.
Angiograf – bu zamonaviy yuqori texnologiyali qurilma bo‘lib, uning yordamida rentgen nurlanishi ta’sirida qon tomirlari va yurak bo‘shliqlarini ko‘rish, jarrohlik operatsiyalarini o‘tkazish mumkin. Tadqiqotda bemor tomiriga kateter yordamida radioaktiv modda yuboriladi, u rentgen nurlarini o‘tkazmaydi va qon bilan aralashganda, rentgen nurlari ostida tomirning haqiqiy ko‘rinishini bera oladi.
Umuman, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon viloyati filiali 2021-2023 yillar davomida umumiy qiymati 879 million so‘mlik 29 turdagi yangi, zamonaviy tibbiy apparat va uskunalar bilan ta’minlandi.
Filialga taqdim etilgan yangi angiograf tibbiy apparati shifokor va bemorlarga katta qulaylik yaratish bilan birga, kasalliklarga aniq tashxis qo‘yish va samarali davolashda muhim ahamiyat kasb etadi.
F. Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri