Bemor bolalarga bayram tuhfasi ulashildi
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga bordi va shifoxonadagi 50 nafardan ziyod bemor bolajonni bayram bilan tabrikladi hamda ularga sovg‘alar ulashdi.
Shuningdek, markazda bemor bolalarning davolanishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, markazning onkologiya va gematologiya bo‘limida bo‘lib, palatalarda yotib davolanayotgan bemor bolajonlarni ham shaxsan o‘zi borib bayram bilan tabrikladi, sovg‘alar berdi.
Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan hursand bo‘lgan bolajonlarning yaqinlari minnatdor bo‘lishdi.
– Qizalog‘im og‘ir kasal, shu shifoxonada tez-tez davolatib turamiz, – deydi kasbilik Iroda Fayziyeva. – Mana, bugun bolalar bayramiga ham chiqa olmadik. Lekin baraka topishsin, viloyat hokimimiz boshchiligidagi rahbarlar oldimizga kelib, holimizdan xabar olib, farzandimga ham sovg‘alar ulashib, tabrikladi. Bundan bag‘oyatda xursand bo‘ldik.
Qayd etish lozimki, markazda davolanuvchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish borasida keyingi yillarda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, markazda zamonaviy, barcha qulaylikka ega avtoturargoh, kutish zali va faoliyat boshlagan qo‘shimcha bo‘limlar bemorlar va ularning yaqinlari xizmatida.
Xususan, o‘tgan yili markazda faoliyat boshlagan kardiologiya bo‘limi yuragida nuqsoni bor bemor bolajonlar uchun ham haqiqiy tuhfa bo‘ldi. Shu kunga qadar bolalarda yurak nuqsoni bilan bog‘liq yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari poytaxtda va xorijdagi klinikalarda o‘tkazilgan va bu bemorlarning yaqinlariga juda qimmatga tushgan.
Endilikda markazning o‘zida xorijning nufuzli klinikalarida tajriba orttirgan professional mutaxassislar ishtirokida bunday operatsiyalar amalga oshirilmoqda.
[gallery-17661]
Ma’lumot o‘rnida: viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi 1978 yilda tashkil etilgan bo‘lib, markaz 465 o‘ringa mo‘ljallangan 17 ta davolash bo‘limi, maslahat poliklinikasi va chaqiriluvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘limi hamda boshqa yordamchi bo‘limlar faoliyat ko‘rsatadi. Viloyatdagi 1 million 200 ming nafardan ortiq 0-18 yoshli bolaga tibbiy davolash va profilaktik yordam ko‘rsatadi. Markazda 148 nafar oliy toifali shifokor va 600 nafarga yaqin xamshira faoliyat olib boradi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari