Bemor bolalar ko‘zlarida quvonch porladi
O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy kengashi tomonidan onkologik kasalxonalarda davolanayotgan bolalar uchun tashkil etilgan “Xasta dillarga mehr ber” aksiyasi doirasida “Yangi yilni yangi orzular bilan” mavzuidagi ko‘chma archa uslubidagi bayram tadbirlari nihoyasiga yetdi.


Partiya faollari uch kun davomida Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya va qon quyish ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Toshkent shahar filiali, shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurib, ushbu muassasalarda davolanayotgan bemor bolajonlarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bilan tabrikladi.

Homiylar tomonidan bayramona sovg‘alar, o‘quv qurollari, kitoblar, aqliy qobiliyatni rivojlantiruvchi o‘yinchoqlar taqdim etildi. Bayram shodiyonasi va ajoyib sovg‘alardan ularning ko‘zlarida quvonch porladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA