Bellashuvlar yuqori saviyada o‘tkazildi
Mamlakatimizda yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning jismoniy va ma’naviy barkamol avlod bo‘lib ulg‘ayishini ta’minlash, iqtidorli sportchilarni saralab olish hamda Olimpiya zaxirasini shakllantirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalari yurtimiz bo‘ylab jadal sur’atlarda o‘tkazilmoqda.
Yangiyer shahar bolalar-o‘smirlar sport maktabida ushbu musobaqaning taekvondo (WT) sport turi bo‘yicha mintaqaviy bosqich bahslari bo‘lib o‘tdi. Unda Xovos, Boyovut tumanlari, Shirin va Yangiyer shaharlaridan saralangan yosh sportchilar g‘oliblik uchun bellashishdi.

Tadbirning ochilish marosimida Yangiyer shahar hokimi Otabek Nosirov, Sirdaryo viloyati Sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining Sirdaryo viloyati bo‘limi ijrochi direktori Bahodirxo‘ja Eshonov, O‘zbekiston Taekvondo (WT) assotsiatsiyasining hududiy bo‘limlari uchun mas’ul Husniddin Xo‘jamqulov, tegishli tashkilotlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari, sportchi va murabbiylar ishtirok etishdi.

Musobaqada ishtirok etgan sportchilar 10 ta vazn toifasida “Sport maktablari” va “Sport klublari” jamoalari tarkibida kuch sinashdilar. Bellashuvlar yuqori saviyada, musobaqa talablari va me’yorlariga muvofiq tarzda tashkil etildi. Yosh taekvondochilar o‘zlarining yuqori tayyorgarlik darajasi, texnik mahorati va iroda-shijoatlarini namoyon etishdi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor sportchilar tantanali ravishda medallar, diplomlar hamda sport formalari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, ular “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarining viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini beruvchi yo‘llanmalarni qo‘lga kiritishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri