Belaruslik iroda va matonat sohibi Toshkentda
Suzish bo‘yicha Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi, Yevropa chempioni va rekordchisi, insonlarga ruhiy dalda berish bo‘yicha ajoyib notiq Aleksey Talay Toshkentga keldi. Sportchini Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev kutib oldi.
Belaruslik mashhur para atlet tashrifning ilk kunida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi hamda Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida bo‘ldi. Para sportchilar bilan uchrashdi.
Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlab o‘tkazilgan ommaviy yugurish musobaqalarida ishtirok etdi hamda musobaqa jarayonida O‘zbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov hamda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Aziz Komilov bilan suhbatlashdi. Muloqotlar jarayonida mamlakatimizda imkoniyati cheklangan sportchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga, davlatimiz tomonidan paralimpiya sport turlari rivojiga ko‘rsatilayotgan e’tiborga yuqori baho berdi.

Ta’kidlash kerakki, Aleksey Talay dunyo ahliga iroda va matonat timsoli sifatida tanish. Ikkinchi jahon urushi davrida qolib ketgan minalar portlashi oqibatida qo‘l va oyoqlaridan ajralgan belaruslik Aleksey umri davomida nafaqat yashash uchun kuch va iroda topdi, balki millionlab kishilarga imkonsiz, tushkun holatda ham hayot uchun kurashish, yangi g‘alabalarga erishish mumkinligini ko‘rsatdi.

bugungi kunda Belarusda Aleksey Talay fondi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu fond o‘tgan yillar mobaynida dunyodagi ming-minglab e’tiborga muhtoj insonlarga xayriya yordamini ko‘rsatib kelmoqda. Uning matonatiga hurmat belgisi sifatida Belarusdagi maktablardan biri Aleksey Talay nomi bilan yuritiladi.

Aleksey ko‘plab mamlakatlarda imkoniyati cheklangan insonlar uchun ruhiy quvvat beruvchi ma’ruzalar o‘qib kelmoqda. Joriy yil 16 noyabr kuni ana shunday uchrashuvlardan biri poytaxtimizdagi «Xalqaro forumlar saroyi»da tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA