Belarus oliygohida oʻzbek tili oʻqitiladi
Belarus davlat universiteti bilan Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengroq yoʻlga qoʻyish, mavjud aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuv oʻtkazildi.
Belarus davlat universiteti bilan Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengroq yoʻlga qoʻyish, mavjud aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuv oʻtkazildi.
Uchrashuvda BDU rektori A.Korol universitet tarixi, hozirgi kunda erishilayotgan muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari bilan taʼlim va fan sohasida amalga oshirilayotgan hamkorlik aloqalari, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasida amalga oshirilishi koʻzda tutilayotgan istiqbolli rejalar haqida gapirib, oʻzbek tilining jozibadorligini alohida eʼtirof etdi.
Belarus davlat universiteti koʻp yillar davomida QS World University Rankings reyting koʻrsatkichi boʻyicha dunyodagi 500 ta eng nufuzli universitetlar roʻyxatiga kiritilgan. Bu yil ushbu reyting koʻsatkichi boʻyicha 341-oʻrinni egallagan.
Universitetda 28 ming nafardan ortiq, shu jumladan, 4 mingdan ziyod chet ellik talabalar tahsil olmoqda. Chet ellik talabalar orasida 40 nafar oʻzbekistonlik talaba ham bor.
Tadbirda Belarus davlat universiteti va Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish haqida kelishib olindi. Shuningdek, BDUning xalqaro munosabatlar fakultetida oʻzbek tilini oʻqitishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha taklif A.Korol tomonidan mamnunlik bilan qabul qilindi.
Uchrashuv soʻnggida BDU rektoriga universitet oʻquv kutubxonasida foydalanish uchun “Oʻzbek tili izohli lugʻati”ning besh tomlik nashri hamda “Sozvuchiye serdes Uzbekistan-Belarus” sarlavhasi ostida oʻzbek va belarus adiblari saylanma asarlarining qoʻshma nashri topshirildi.