“Behizor” – poytaxtning eng namunali mahallasi
Bugun samarali ishlayotgan mahallalar faoliyatini ibrat tarzida ko‘rsatish, ularning ilg‘or ish tajribasini ommalashtirish har qachongidan ham dolzarbdir.
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida Prezidentimizning tegishli topshirig‘i asosida 2024 yilning oktyabr-dekabr oylarida Toshkent shahridagi mahallalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Eng namunali mahalla” tanlovining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida mahallalarning hissasi o‘ziga xos ekanini ta’kidlab, odamlarning muammolarini o‘rganishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari oldidagi dolzarb vazifalar xususida batafsil so‘zladi.

Mazkur tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad hududlarda mahallalarning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish, tizim xodimlarining faoliyat samaradorligini oshirish hamda namunali mahallalar doirasini kengaytirish, mahallalarni ishsizlik, jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish, oilaviy ajrimlarga barham berish, sharoiti og‘ir xonadonlarga, yolg‘iz fuqarolarga ko‘maklashish, “Yashil makon“ loyihasi doirasida mahallalarning ko‘kalamzorlashtirish borasidagi rolini kuchaytirishdan iboratdir.

Tanlovda poytaxtimizdagi mahallalar faol ishtirok etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘ringa Toshkent shahridagi “Behizor” mahalla fuqarolar yig‘ini munosib topildi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ubaydulla Minavarxo‘jayevga Prezident sovg‘asi sifatida BYD elektromobilining kaliti tantanali topshirildi.
Shu bilan birga tanlovda ikkinchi va uchinchi o‘rinni olgan mahallalar ham pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
N.Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA.