Bayroq bilan bog‘liq normalarni o‘zgartirish kerak!
18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun
Davlatimiz ramzi – bayrog‘imiz g‘urur va faxrimiz, xalqimizning mustaqilligi, tinchlik va ozodligi timsoli hisoblanadi. Shu bois, bayrog‘imizni har doim asrashimiz, ko‘zimizga surtishimiz, toptalishiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim.
Kezi kelganda bayroq bilan bog‘liq ikki yil oldin ko‘targan taklifimni yana ko‘tarmoqchi edim. O‘zgarayotgan O‘zbekistonda bayroq bilan bog‘liq tartiblar ham o‘zgarishi lozim, deb hisoblayman.
«O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonunda bayrog‘imiz bilan bog‘liq cheklovlar hamon saqlanib turibdi. Bayroqdan asosan davlat idoralari va rahbarlar xizmat vaqtida foydalanishi belgilangan.
Biroq aksariyat xorijiy davlatlarda fuqarolarga ham bayroqdan erkin foydalanish huquqi berilgan. Xohlasa ko‘chada ko‘tarib yurishi, uyiga osib qo‘yishi, mashinasiga ildirib qo‘yishi mumkin. Agar bizda ham shunday huquqlar berilsa, xalqimizning, yoshlarimizning bayrog‘imizga bo‘lgan hurmati, muhabbati yanada oshar edi.
To‘g‘ri, hozir ham shunday qilishimizga hech kim qarshilik qilmaydi. Shunday qilinyapti ham. Ammo bu qonunan mumkin emas. Lekin xohish-istak va talab bor bo‘lsa, nima uchun qonunga o‘zgartish kiritish mumkin emas?
Yana bir taklif: bayrog‘imiz qabul qilingan kunni ham ishlanmaydigan bayramlar qatoriga kiritish lozim. Bu sana, ya’ni bayrog‘imiz davlatimiz, dunyoda o‘zbek degan xalq borligini ko‘rsatib turadi. Qolaversa, bu ham bayrog‘imizga bo‘lgan qadr-qimmatni oshiradi.
Albatta, har qanday sharoitda bayrog‘imizning qadr-qimmatiga putur yetmasligi, toptalmasligi, nufuziga daxl qilinmasligi lozim. Bu boradagi javobgarlik yanada kuchaytirilishi tarafdoriman.
Har qadamda bayrog‘imiz hilpirab tursin. U orqali davlatimizning kuchini, qudratini his qilib yashaylik!
Jahongir ZIYAEV,
deputat