Bayrog‘imizning 30 yilligi keng nishonlandi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlarida tantanali marosimlar tashkil etildi.
Erta tongdan viloyat hokimi o‘rinbosari boshchiligida keng jamoatchilik vakillari markaziy ko‘chalar bo‘ylab Davlat bayrog‘ini baland tutib o‘tishdi. Shuningdek, velosportchilar ishtirokida bayram marshi va yoshlar o‘rtasida piyoda yurish aksiyasi tashkil etildi.
Bayramga bag‘ishlangan tantanali marosim Termiz shahridagi muhtasham San’at saroyida o‘tkazildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiylar, professor-o‘qituvchilar, talaba yoshlar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda bayrog‘imizda milliy-tarixiy an’analarimiz, uzoq o‘tmishga borib taqaladigan boy madaniyatimiz, poklik beg‘uborlik, go‘zallik, yaxshilik, donishmandlik, shon-shuhrat va sadoqat kabi buyuk fazilatlar o‘z ifodasini topgani xususida so‘z yuritildi.
[gallery-4718]
Marosimda ma’naviyatimizni yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan soha xodimlariga “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni hamda Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Termiziy allomalar merosi - boy ma’naviy xazinamizdir!” mavzusidagi maqolalar tanlovi g‘oliblariga diplom va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.
Taniqli san’atkorlar ijrosidagi Vatanni, mardlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA