Bayramoldi yarmarkalari gavjum
Yangi yil bayrami shukuhi kezayotgan shu kunlarda Farg‘ona viloyatida ham turli tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Yangi yil bayrami shukuhi kezayotgan shu kunlarda Farg‘ona viloyatida ham turli tadbirlar o‘tkazilmoqda.Aholining bayram dasturxoni yanada to‘kin bo‘lishi, ularni sifatli oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida viloyat va barcha tumanlar markazida tashkil etilgan bayram yarmarkalari, turli o‘yinchoqlar bilan bezatilgan archalar barchaga xush kayfiyat ulashmoqda.
Qayta ishlash korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik hamda asalarichilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etayotgan yarmarkalarda ona zaminimizda yetishtirilgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridorlarga taklif etilayotir.
Farg‘onadagi "Markaziy" dehqon bozorida tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi xaridorlar bilan ayniqsa gavjum. Bu yerda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulaylik yaratilgan. To‘lovni naqd pulsiz amalga oshirish uchun terminallar o‘rnatilgan. Toza va ozoda rastalarda turli noz-ne’matlar, go‘sht, sut va sut mahsulotlari arzon narxlarda sotilmoqda. Yarmarkaga fermer va dehqon xo‘jaliklari sifatli mahsulotlarini peshma-pesh yetkazib berayotir.
– Yarmarka bizga katta qulaylik yaratmoqda, – deydi Farg‘ona shahrida yashovchi Aziza Rasulova. – Ro‘zg‘or uchun zarur barcha mahsulotlarni shu yerdan arzon narxlarda xarid qilmoqdamiz. Qish faslida ham bozorda narx-navo barqarorligi ta’minlanayotgani uchun davlatimizdan minnatdormiz. Tinch, osoyishta va to‘kin-sochin yurtda yashayotganimizdan faxrlanamiz.