Bayramoldi savdo yarmarkalari tashkil etildi
Mamlakatimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayrami arafasida viloyat hokimligi tashabbusi bilan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdo yarmarkalari tashkil etildi.
Mamlakatimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayrami arafasida viloyat hokimligi tashabbusi bilan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdo yarmarkalari tashkil etildi.
Andijon shahar markazida, shuningdek, 12 ta mahalla guzarida ish boshlagan savdo yarmarkalari rastalaridan “Andijon viloyat bozorlari va savdo majmualari” uyushmasi, “Andijongoʻshtsutsavdo”, “Andijonbaliq” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari, viloyatdagi agrofirmalar, parrandachilik korxonalari, savdo tashkilotlari mahsulotlari, shuningdek, fermer xoʻjaliklari hamda dehqonlar tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavotlar, oziq-ovqat va poliz mahsulotlari oʻrin olgan.
– Mahallamiz guzarida tashkil etilgan yarmarkada “Shahrixon agrohamkor” agrofirmasi tomonidan 50 ga yaqin turdagi qishloq xoʻjaligi, poliz, oziq-ovqat mahsulotlari va sabzavotlar sotilmoqda, – deydi Andijon shahridagi “Iqbol” MFY raisi Nafisaxon Joʻraboyeva. – Ayniqsa, goʻsht, parranda goʻshti, baliq hamda tuxum bozorga nisbatan arzon narxlarda sotilayotganidan xursandmiz.
Hamyurtlarimizning bayram dasturxonlari toʻkin boʻlishini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan ushbu savdo yarmarkalari shahar aholisi uchun katta qulaylik yaratmoqda. Qolaversa, savdoga qoʻyilgan mahsulotlar narxi bozordagiga nisbatan arzon. Bundan tashqari, namunali xizmat koʻrsatilishi, plastik kartalar orqali ham savdolarning yoʻlga qoʻyilgani yurtdoshlarimizga manzur boʻlmoqda.
Savdo yarmarkalarida 1 kilogramm mol goʻshti 35 ming soʻm, baliq 8-15 ming soʻm, tuxum 350 soʻm, piyoz 1 ming 200 soʻm, kartoshka 1,5 ming soʻm, guruch 7-7,5 ming soʻm sotilmoqda. Yaratilgan ushbu qulaylikdan aholi behad mamnun.
Bu kabi savdo yarmarkalari viloyatning barcha tuman va shaharlari markazlarida ham tashkil etildi.