Bayramga bag‘ishlangan musobaqa
Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tadbirlar doirasida mini-futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasida mahallalararo musobaqaning final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tadbirlar doirasida mini-futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasida mahallalararo musobaqaning final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimligi, madaniyat va sport ishlari bo‘limi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuman kengashi hamkorligida tashkil etilgan turnirda tumandagi har bir qishloq va shaharcha fuqarolar yig‘inidan jami 14 jamoa ishtirok etdi.
Musobaqaning ochilishida Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlod kamoliga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik, ularning zamon talablari darajasida ta’lim-tarbiya olishi, o‘z iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
– Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor barkamol avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Kosonsoy tuman bo‘limi bosh mutaxassisi Ne’matjon Yo‘ldoshev. – Bugungi kunda tumanimizda zamonaviy tarzda barpo etilgan uchta bolalar va o‘smirlar sport maktabi, bitta suzish havzasi va 60 sport zali faoliyat ko‘rsatib, ularda 16 mingdan ziyod yosh muntazam shug‘ullanmoqda. Sportni ommalashtirishda mahallalarda o‘tkazilayotgan musobaqalarning o‘rni kattadir.
Musobaqada Kosonsoy shahrining Chorbog‘ mahallasi jamoasi g‘olib bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni “Chindovul” qishloq fuqarolar yig‘inining Obodon mahallasi, uchinchi o‘rinni Kosonsoy shahrining Gulobod mahallasi jamoalari egalladi.