Bayram kunlari aholiga madaniy xizmat
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlarida dam olish kunlari qator madaniy tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturlari namoyish etilib, aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida mahallalarda arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Aholining madaniy dam olishini tashkil etish maqsadida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida, Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar hamda Qo‘g‘irchoq teatrlarida spektakllar bepul namoyish etildi. Jumladan, Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida “Injiqning muhabbati” hamda “Farzand tashvishi” spektakllari namoyish etilib, tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
[gallery-8645]
Ichki turizm imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda mamlakatimiz hamda Orolbo‘yining tarixiy shaharlari, diqqatga sazovor joylariga sayohatlar uyushtirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Muzey bo‘ylab sayohat jarayonida “Barchasi shundan boshlangan”, “Sharq notalari”, “Oltmishinchi yillarning rassomlari” kabi qator ko‘rgazmalar hamda hujjatli filmlar namoyish etildi. Shuningdek, bolalar uchun turli interaktiv o‘yinlar o‘tkazildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA