“Baxtim shu – o‘zbekning Zulfiyasiman”
Biz afg‘on qizlari O‘zbekistonga o‘qishga kelgunimizcha To‘maris, Nodirabegim kabi buyuk momolarimiz hayoti, ijodi va jasorati haqida eshitgan bo‘lsak-da, ming afsuski, dunyoga tanilgan XX asr o‘zbek adabiyotining yorqin namoyandasi, elu-yurtga sadoqat bilan xizmat qilgan hassos shoira Zulfiya Isroilova to‘g‘risida jo‘yali ma’lumotga ega bo‘lmagan, ul zotning she’rlarini o‘qimagan ekanmiz.
O‘zbekistondagi ta’lim muassasamizda afg‘onistonlik o‘zbek qizlari Zulfiyaxonim ijodi bilan yaqindan tanishib, yana bir yurt kuychisi, sadoqatli do‘st va Sharq ayollariga xos vafodor yorni kashf etganimizdan quvonchimiz cheksiz. Dilbar shoiraning go‘zal she’rlarini qayta-qayta o‘qib, yod olmoqdamiz. Ash’orlaridan ilhom olib, ijod ko‘chasiga qadam tashlamoqdamiz. Oddiy o‘zbek ayoli, shoira, rassom va vafodor yorga havasdamiz.
Zulfiya she’riyatining nafisligi va o‘ziga xosligi – murakkab davrning haqqoniy ifodasi, zamondoshlarimizning qalbi hamda harakatlarining yorqin tasviridadir.
Shoira hayoti va ijodi bilan tanishar ekansiz, uning el aro mashhurligi tasodifiy emasligini shundoq anglab olasiz. U bolaligidan ziyrak, atrofga boshqacha hayrat ko‘zi bilan qaraydigan va boshqalar ilg‘olmagan jihatlarni ko‘ruvchi qizcha bo‘lgan. Oilasidagi adabiy muhit ham Zulfiyaxonimda badiiy ijodga qiziqish uyg‘otgan. Bu haqda shoiraning o‘zi xotiralarida yozib qoldirgan.
Zulfiya ijodi o‘z davrining pokiza buloqlaridan suv ichgan nafis va go‘zal durlardir. Shu bois ham inson ruhiyatining betakror kuychisi she’rlari kitobxonni nafosatga, ezgulikka do‘st tutinib, navnihol bahor faslining oppoq tongiga yetaklaydi. Qalbini o‘zgacha harorat bilan isitadi. Otashqalb shoiraning tinchlik haqidagi, inson ruhiyatini g‘ajib tashlay oladigan hijron to‘g‘risidagi, tabiatning ajib bir holati tasvirlangan she’rlari hech kimni befarq qoldirmaydi. Shu bois shoiraning barcha ayollarga, onajonlarga, ma’shuqalarga xos, tushunarli, anglatarli bo‘lgan she’riyati aslo eskirmaydi. Uning asarlarida halol inson tuyg‘ularining porloq yulduzi charaqlab turadi. Zulfiya she’riyati tabiatga hamda uning ajralmas qismi va yuqori cho‘qqisi bo‘lmish odamzodga nisbatan hayajonli sevgi bilan burkangan.
Benazir ayol, buyuk ona hamda sadoqat va vafo timsoliga aylangan Zulfiya Isroilova inson qalb tug‘yonlarining o‘tkir bilimdoni bo‘lib, turli janrlarda asarlar yaratgani ham bizda boy taassurot uyg‘otdi. Uning dostonlari, balladalari, elegiyalari, nasriy she’rlari, hikoya va ocherklari, publitsistik maqolalari har qanday o‘quvchini chuqur mushohada yuritishga chorlaydi. Aksariyat she’rlari butun dunyo xalqlarini tinchlik va do‘stlik atrofida birlashtirishga da’vat etadi. Urush yillaridagi vatanparvarlik hissi yo‘g‘rilgan she’rlari insonni jasoratga undaydi. Zero, ulug‘ shoira she’rlaridan birida inson ruhining boqiyligi, ezgulik va adolatning abadiyligi xususida so‘z yuritib, “Baxtim shu – o‘zbekning Zulfiyasiman” deya yozganida ham chuqur ma’no mujassam.
Ta’lim muassasamizda har yili 1 mart kuni o‘zbek she’riyatida o‘ziga xos o‘ringa ega O‘zbekiston xalq shoirasi – Zulfiyaxonim tug‘ilgan kunni keng nishonlab, mushoira kechalari o‘tkazamiz. Xalqimizning olijanob xislatlarini egallagan ulug‘ shoira she’rlarini ifodali o‘qib, sahna ko‘rinishlarini namoyish etamiz. Bu ham Zulfiya o‘zining ibratli umri, benazir iste’dodi va yorqin shaxsiyati bilan millatimiz qalbidan teran joy olganiga, uning qutlug‘ nomi va o‘lmas merosi bezavol yashayotganiga yaqqol dalildir.
Mazkur maqolani yozish va Zulfiyaxonim ijodiga nazar solish orqali yana bir karra shunga amin bo‘ldimki, o‘zbek adabiyoti o‘tgan asrda har qancha ziddiyatli, mashaqqatli va murakkab yo‘lni bosib o‘tgan bo‘lmasin, unda qator chin ma’nodagi ijodkorlar yetishib chiqqan va ularning orasidagi porloq yulduzlardan biri bu Zulfiyaxonim bo‘lgan. Hayotidagi mehnatsevarligi, intiluvchanligi, sadoqatli yor ekani, badiiy ijodda betinim izlanuvchan bo‘lgani, hayot qiyinchiliklarini mardonavor yengishi, erishilgan yutuqlari oldida o‘zini yo‘qotmasligi har qanday xotin-qiz qalbida o‘zgacha havas uyg‘otadi.
Buyuk shoira, sadoqatli yor va vafo kuychisiga yuksak e’tibor, chuqur ehtirom sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999 yil 10 iyunda qabul qilingan farmoni bilan mamlakatda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining ta’sis etilishi adabiyot, fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida izlanayotgan, faol, fidoyi, tashabbuskor va iqtidorli qizlarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ham biz, afg‘on qizlariga juda manzur bo‘ldi. O‘tgan davrda o‘zining a’lo bilimi, xulqi, adabiyot, san’at kabi sohalardagi iste’dodini keng namoyon etgan yuzdan ortiq iqtidorli qiz ushbu mukofotga sazovor bo‘lganiga havas qildik. Bugun yana shuni iftixor bilan aytishim mumkinki, ta’lim muassasamizda ham bizga Zulfiyaxonim mukofotiga sazovor bo‘lgan ustozlardan biri saboq bermoqda. Demak, Zulfiyaxonim ijodi xotin-qizlar qalbida hamisha porlab turadi.
Shekibo Samadiy,
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Termiz tumanidagi Afg‘oniston fuqarolarini
o‘qitish ta’lim markazi talabasi.
O‘zA